Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidagi X asrga mansub Mizdakxon maqbarasi, Qiyomat soati va Yerejep Xalifa mayesjidi atrofidagi yerlarni yangi qabrlar uchun sotish boshlandi. Bu haqda bloger Liliya Nikolenko o‘zining Facebook-sahifasida ma’lum qildi.

«Qoraqalpog‘istondan surat yuborishdi. Mazdakxon maqbarasining bugungi ahvoli. Mashhur Qiyomat soati, Yerejep Xalifa masjidi. Eramizning 10-asri», — deya gap boshlagan Liliya Nikolenko fotosuratni ilova qildi.

Uning qayd etishicha, o‘rta asrlarga oid osori atiqa devorlarining shundoq tagidan mayitni ko‘mish uchun joy sotish boshlangan.

«Afsonaga ko‘ra, hozir siz suratda ko‘rib turgan Yerejep Xalifa masjidi va shu kunlarda o‘rnatilgan katta qora qabrtosh turgan joy Qiyomat soatining joyidir. Yerejep Xalifa masjidi devorlaridan qulagan har bir g‘isht bilan vaqtni hisoblashadi. Shu sababli ziyoratchilar bu yerga kelib, qulab tushgan g‘ishtlardan piramidalar yasashadi. Yaratgandan najot so‘rab duo qilishadi», — deb yozadi u.

Ta’kidlanishicha, Mazdakxon — Qoraqalpog‘istonda Savitskiy muzeyidan keyin ikkinchi mashhur turistik obyekt hisoblanadi.

Shu yerda Mazlumxon Suluv yerost imaqbarasi, Jo‘mart qassob afsonaviy tepaligi ham bor. Shuningdek, uch yil muqaddam buzib tashlangan muqaddas Shamun Nabi maqbarasi ushbu hududda joylashgan edi.

Blogerning qayd etishicha, Shamun Nabini buzib tashlashgandayoq uning atrofida juda katta maydonni tozalab, ochib qo‘yilgani uni sergaklantirgan.

«Endi bu yerda zamonaviy hashamatli qabriston bo‘ladigan ko‘rinadi. Menda Mazdakxonni turistik obyekt sifatida rejali buzishmoqda degan xulosa paydo bo‘lyapti», — deya so‘ziga yakun yasadi Liliya Nikolenko.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Qoraqalpog‘istondagi «Qizil qal’a» va «Shamun Nabiy» yodgorliklarida olib borilgan ta’mirlash ishlari qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Jumladan, ushbu obyektlar tarixiy qiyofasi saqlab qolinmagan holda restavratsiya va konservatsiya qilingan.