Boysun tumani hokimligi nosoz holatdagi Captiva-2 mashinasini tuman prokuraturasiga o‘tkazib, hokim uchun 398 mln so‘mlik Trailblazer LTZ-AT xizmat avtomashinasini xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzdi.

27 oktabrdagi xatga muvofiq, Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari F.Mamanov Boysun tumani hokimligi balansida turgan, 2013 yilda ishlab chiqarilgan texnik nosoz holatdagi Captiva-2 rusumli xizmat avtomobilini elektron auksion orqali sotilishi va yangi xizmat mashinasi olinishiga e’tirozi yo‘qligini bildirgan.


Shunga qaramay, mashina elektron auksionga qo‘yilmagan. Boysun tumani hokimi Asqarali Jo‘rayev farmoyishi bilan mazkur transport vositasi operativ boshqaruv huquqi bilan bepul tarzda tuman prokuraturasiga o‘tkazilgan.

Shundan so‘ng, noyabr oyida tuman hokimligi 398 mln so‘mlik (BHMning 1474 baravari) Trailblazer LTZ-AT xizmat avtomashinasini sotib olish uchun shartnoma tuzgan.


Shuningdek, noyabr oxirlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ham 398 mln so‘mga Trailblazer LTZ-AT avtomobilini sotib olgan.

Hukumat qaroriga ko‘ra, tuman hokimlari xizmat mashinalari narxlari BHMning 1000 baravaridan (270 mln so‘m), dvigatel eng yuqori quvvati 2000 sv kubdan oshmasligi lozim. Agar tuman tog‘li hudud bo‘lsa, bu quvvatni 3000 sm kubgacha oshirishga ruxsat berilishi mumkin, biroq, avtomobil narxining istisno chegarasi ko‘rsatilmagan.

Ma’lumot o‘rnida, UzAuto Motors kompaniyasi rasmiy sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Trailblazer LTZ-AT`ning dvigatel hajmi 3564 sm kubni tashkil etadi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» yirik vazirlik va idoralarning xizmat avtomashinalari parkini tahlil qilib, mamlakatning yuqori martabali amaldorlari qanday avtomobillardan foydalanishini aniqlagani haqida xabar bergandi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimligi xizmat avtomobili sifatida Chevrolet Trailblazer LZT-AT sotib olgan edi.