Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi plastik kartochkalari egalarining pul mablag‘lari to‘satdan va ruxsatsiz yechib olinayotgani haqidagi ko‘p sonli xabarlari yuzasidan munosabat bildirdi.

Bu haqda, jumladan, «Potrebitel.uz» Facebook guruhi va shu nomdagi Telegram kanalida ham xabarlar e’lon qilindi.

Agentlik bankka qaysi normativ-huquqiy hujjatlarga asoslanib karta egalarini xabardor qilmasdan va ular bilan kelishmasdan pul mablag‘lari yechib olinayotgani bo‘yicha so‘rov yubordi.

Bundan tashqari, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bank qanday holatlarda mijoz hisob raqamidan pul yechib olishi mumkinligini eslatib o‘tdi. Mijoz tegishli topshiriqni berishi kerak (O‘zbekiston Fuqarlik kodeksi 783-modda). Mijozning topshirig‘isiz hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini o‘chirishga sudning qarori bilan, shuningdek qonunlarda belgilab qo‘yilgan yoxud bank bilan mijoz o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Bank hisob raqamidan asossiz ravishda pul yechib olingan taqdirda, mijozning talabi bilan tegishli mablag‘ hisob raqamiga tezlik bilan qaytarilishi kerak.

FKning 327-moddasiga muvofiq, bank asossiz yechib olingan mablag‘lar summasiga foiz to‘lashi va zararni qoplashi kerak. Bank mijozga kelgan pul mablag‘lari hisobvaraqqa o‘z vaqtida kiritib qo‘yilmagan yoki bank hisobvaraqdan mablag‘larni asossiz ravishda o‘chirgan hollarda bank mijozning talabi bilan tegishli summani darhol hisobvaraqqa kiritib qo‘yishi shart, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno (785-modda).

Bank hisobvarag‘i shartnomasi mijozning arizasiga muvofiq istalgan vaqtda bekor qilinadi (788-modda).

Agentlik dekabr oyi boshida ruxsatsiz pul yechib olingan taqdirda, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilgan bo‘ladi: ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart (6-modda); ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart (19-modda).

O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha to‘liq ma’lumot beriladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank bu kabi xabarlarga munosabat bildirib, bu kabi holatlarga asos qilib prezidentning 2021 yil 23 martdagi «Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmoni keltirgan edi. Ushbu hujjatda, 2021 yil 1 iyuldan soliq organlarida soliq to‘lovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)dan foydalangan holda amalga oshirilishi belgilangan. Shunga muvofiq mijozlarning kartasidagi mablag‘ «harakatsiz» (spyaiy) hisobraqamga olinayotgan bo‘lishi mumkin.