O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabr kuni «Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unga ko‘ra, hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika komissiyasi) tashkil etiladi. Respublika komissiyasi bir hafta muddatda hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida iqtisodiyot va investitsiya komplekslariga kiruvchi vazirlik, idoralar, tijorat banklarining mas’ul xodimlarin har bir tuman va shaharga biriktiriladi, ularning ish joyi, oylik ish haqi va boshqa ijtimoiy to‘lovlarini saqlab qolgan holda, biriktirilgan hududga bir yillik xizmat safariga yuborilishini ta’minlash belgilandi.

Respublika vakillari tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosari bilan birga markazlar hamda hokim yordamchilari faoliyatiga ko‘maklashadi. Har kuni bitta mahallaga chiqqan holda kamida o‘nta xonadonga shaxsan tashrif buyurib, mavjud holatni hokim yordamchilari bilan birga o‘rganadi, aholiga amalga oshirilayotgan davlat siyosati va islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntiradi, aniqlangan muammolarni joyida hal qilish choralarini ko‘radi.

Qayd etilishicha, har bir mahallaning «o‘sish nuqtasi»dan kelib chiqib, yetakchi tadbirkorlar va hokim yordamchilari taklif etayotgan yangi loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashadi, mahallalarda aholining kundalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan xizmatlar turlarini rivojlantiradi.

Tuman (shahar) hokimlari hamda tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan hamkorlikda aholi tomorqalaridan samarali foydalanib, uy sharoitida dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, urug‘chilik, ko‘chatchilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashadi. Tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda hududga ajratilgan mablag‘larning mahallalar kesimida taqsimlanishini ta’minlaydi.

Hokim yordamchilari o‘z vazifalarini amalga oshirishda foydalanadigan moliyaviy instrumentlarning 2022 yil uchun manbalari etib quyidagilar belgilandi:

  • oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar — 10 trln so‘m;
  • aholining bandligini ta’minlash, ularning o‘zini o‘zi band qilishi, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun ajratiladigan mablag‘lar — 1 trln 218 mlrd so‘m, shundan:
  • Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan ish bilan band bo‘lmagan aholiga tadbirkorlik qilish va o‘zini o‘zi band qilish uchun subsidiyalar, kredit resurslari va boshqa xarajatlar uchun — 785 mlrd so‘m,
  • ish bilan band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga, tadbirkorlik va hunarmandchilikka o‘qishga yo‘naltirish uchun — 210 mlrd so‘m;
  • Jamoat ishlari jamg‘armasidan ishsiz aholini haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish xarajatlari uchun — 222 mlrd so‘m;
  • Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ajratiladigan subsidiyalar — 50 mlrd so‘m;
  • hokim yordamchilari tavsiyalari asosida mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun ko‘zda tutiladigan mablag‘lar — 250 mlrd so‘m;
  • «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi, «Ayollar daftari» jamg‘armasi, «Yoshlar daftari» jamg‘armasi — 851 mlrd so‘m miqdorida.

Hokim yordamchilarining oylik ish haqi miqdori ular biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanmoqda:

  • xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6 baravari miqdorida;
  • xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6,5 baravari miqdorida;
  • xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 7 baravari miqdorida.

Shu bilan birga, hokim yordamchilariga to‘lanadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori nomzodning ushbu lavozimga ishga qabul qilingunga qadar avvalgi ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lgan taqdirda yetishmagan qismi ularni qo‘llab-quvvatlovchi jamg‘arma hisobidan kompensatsiya qilib boriladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tasdiqlaydigan hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomda quyidagilar aks ettiriladi:

  • boshqa hududlardan kelib ishlayotgan hokim yordamchilari va respublika vakillari uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida turar joy ijarasi xarajatlari uchun kompensatsiya to‘lash;
  • ish faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan hokim yordamchilari va respublika vakillarini har oy mukofotlash;
  • hokim yordamchilari ish haqining avvalgi ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lgan qismini kompensatsiya qilib borish;
  • o‘z shaxsiy avtomobilidan foydalanayotgan respublika vakillarining transport xarajatlari, shuningdek, bir oyda bir marotaba doimiy yashash joyiga temir yo‘l transportida borib kelishi uchun kompensatsiya to‘lash;
  • yil yakuni bo‘yicha o‘ziga biriktirilgan hududda yuqori natijalarga erishgan respublika vakillariga va hokim yordamchilariga ipoteka krediti asosida uy-joy xarid qilish uchun uy-joy qiymatining 50 foizigacha subsidiya to‘lash.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilishi xabar qilingandi. Unda hokim yordamchilari esa 1 yanvarda faoliyatini boshlashi aytilgandi. Har bir tuman va shaharga vazirlik va banklardan xodimlar biriktilishi ko‘zda tutilgan.