Dekabrning issiq kunilaridan so‘ng 3 dekabr kuni O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga Kavkaz hududlaridan antitsiklon kirib keladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, qolgan hududlar esa issiq sektorda bo‘ladi. Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘iston hamda Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining ba’zi joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati 15−20 darajagacha iliq bo‘ladi.

Ertaga, 4 dekabr kuni, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi saqlanib turadi, qolgan hududlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat foni pasayadi va kechasi 5−10 daraja iliqni, kunduz kuni 9−14 daraja iliqni tashkil etadi.

Yakshanba kuni salqin havo massalari O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Havo harorati shu kunning me’yoriy qiymatlariga nisbatan yanada pasayadi va kechasi 2−7 daraja iliqni, kunduz kuni esa 5−10 daraja iliqni tashkil etadi. Shimolda kechasi 3−8 daraja sovuq, kunduz kuni 0−5 daraja sovuq bo‘ladi.

Shanba va yakshanba kunlari kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.