30 noyarb kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasining ustav kapitalidagi qo‘shimcha aksiyalariga obuna bo‘lish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston XTTB va XMKning ustav kapitallarida mos ravishda 91,92 mln dollarlik 762 dona va 12,78 mln dollarlik 12 781 dona aksiyalariga obuna bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekistonga taklif etilgan 80,45 mln AQSh dollari miqdoridagi XTTB qo‘shimcha aksiyalari bo‘yicha to‘lovlar ushbu bank tomonidan zaruriyatga qarab Jahon banki guruhining a’zo-davlatlar oldidagi majburiyatlari bajarilishini ta’minlash maqsadida yuboriladigan xabarnomasiga asosan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston tomonidan XTTB va XMKning qo‘shimcha aksiyalarini sotib olish uchun to‘lov grafigi tasdiqlandi.


Eslatib o‘tamiz, bundan oldin XMK O‘zbekiston hukumatiga mamlakat viloyatlarida zamonaviy va energiya jihatidan tejamkor 15 tagacha maktablarni moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish va xizmat ko‘rsatish uchun xususiy operatorni tanlashda tender o‘tkazishga yordam berishi haqida xabar berilgandi.