Poytaxtning ayrim tumanlarida yana chang ko‘tarilishi kuzatildi, ammo kuchli shamol bo‘lmadi. AQSh elchixonasida joylashgan havo tozaligi nazorat stansiyasi Toshkentdagi havo ifloslanishi darajasi 3 dekabr davomida bir necha marta ko‘tarilganini qayd etdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Toshkent havosining ifloslanish indeksi 3 dekabr soat 18:00 holatiga ko‘ra rekord — 190 darajani tashkil qildi. AQSh elchixonasining nazorat stansiyasi Toshkent xavosining 150−160 darajada ifloslanishini 5 va 6 dekabr kunlariga prognoz qilgan edi. Ushbu prognozlarga ko‘ra, 3 dekabr kuni poytaxt xavosining sifat indeksi 60−70 darajada bo‘lishi kerak bo‘lgan. Ammo 3 dekabr ertalab soat 5 dan boshlab poytaxt havosining sifati keskin tushib ketgan. Biroz vaqt vaziyat barqarorlashib, so‘ng yana keskinlashgan.

3 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ekologiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Aziz Kalimbetov avvalroq O‘zbekistonda 150 yil davomida birinchi marta kuzatilgan qumli bo‘ronga sabab cho‘ldagi qumlarning shamol orqali kirib kelishi bo‘lganligini qayd etdi.

Dov-daraxtlar O‘zbekiston bo‘yicha 8%ni tashkil etadi. Jahon standartiga ko‘ra esa ko‘kalamzorlashtirilgan maydonlar 30% darajada bo‘lishi lozim, — dedi Aziz Kalimbetov

Eslatib o‘tamiz, 4 noyabr kuni Toshkentda atmosfera xavosining ko‘rinuvchanligi 200 metrdan past darajada kuzatilib, havodagi nisbiy namlik omili bilan birgalikda chang-g‘ubor hodisasi sodir bo‘lgan edi. 8 noyabr kuni Toshkent havosidagi chang miqdori normal ko‘rsatkichga qaytgan

Avvalroq, O‘zbekistonning aksariyat hududlarida dam olish kunlari havo salqin bo‘lishi va biroz yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli borligi ma’lum qilingan edi. Shanba va yakshanba kunlari kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.