O‘zbekiston XDP tuman kengashi raisi, tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan Feruza Babashevaning noma’lum erkak bilan to‘shakda yotgani aks etgan viderolavha tarqalishi ortidan uning deputatlik vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.

Mazkur masala Xalq deputatlari O‘rta Chirchiq tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqilgan.

Tuman hokimligi xabariga ko‘ra, mazkur sessiya Kengash deputatlarning tashabbusi bilan chaqirilgan.

Unda faqat bitta masala, tuman Kengashining 30-«Uyshun» saylov okrugidan saylangan deputatning vakolatini tugatish masalasi ko‘rilgan.

Sessiya ishida Xalq deputatlari tuman Kengashi «Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiya» raisi Dilorom Zulyorovaning axboroti eshitilgan.

Komissiya raisining axboroti va deputatlarning qo‘shimcha taklif, fikr-mulohazalari inobatga olingan hamda qarorni sessiyada qatnashgan 24 nafar deputatdan 23 nafari yoqlab ovoz bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, O‘rtachirchiq tuman Xalq deputatlari Kengashi yopiq majlisda prokuror taqdimnomasiga ko‘ra deputat Feruza Babashevani daxlsizlik huquqidan ham mahrum qilgandi.

Bunga qadar «Gazeta.uz» deputat Feruza Babashevaning atrofida nimalar sodir bo‘layotgani haqida batafsil yozgandi.

Unda, 9 noyabr kuni prokuratura mahalliy deputat Feruza Babashevani «Agrobank» boshqarma boshlig‘ining arizasi tufayli daxlsizlik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritgani qayd etilgandi.

Shundan so‘ng, bir necha kundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda oktabr oyi boshida tasvirga olingan va deputatning erkak kishi bilan to‘shakdagi holati aks etgan tasvirlar paydo bo‘ldi. Feruza Babasheva viloyat IIBB xodimlarini tahdid qilish va bosim uyushtirishda ayblagandi.

Jamoatchilik deputatni himoya qilib chiqdi. XDP shaxsiy hayotga aralashishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini eslatdi.