Afg‘onistonning muvaqqat hukumati rahbari o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar O‘zbekistondan avvalgi hukumat ag‘darilganidan so‘ng, afg‘on uchuvchilari mamlakatni tark etgan samolyot va vertolyotlarni qaytarishga chaqirdi. Bu haqda Afghanistan.ru nashri xabar berdi.

30 noyabr kuni O‘zbekiston TIV prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Kobulga tashrif buyurib, Afg‘oniston muvaqqat hukumati vakillari bilan uchrashganini ma’lum qilgandi.

Tashrif chog‘ida O‘zbekiston vakili Vazirlar Mahkamasi rahbariyati, Tashqi va Ichki ishlar, Jamoatchilik, Energetika va Iqtisodiyot vazirliklarida muzokaralar olib borgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bosh prokuraturasi 14−15 avgust kunlari mamlakat havo hududi chegarasidan noqonuniy o‘tgan Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyot hamda 24 ta harbiy vertolyoti majburiy ravishda Termiz xalqaro aeroportiga qo‘ndirilgani haqida xabar bergandi. Ularning ichida jami 585 nafar qurollangan harbiylar bo‘lgan.

Bundan tashqari, 15 avgust kuni «Xonobod» aeroportiga qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan Afg‘oniston Islom Respublikasining 3 ta Embraer 314 rusumli harbiy samolyoti Termiz aeroportiga qo‘nish to‘g‘risida ogohlantirilib, ular O‘zbekistonning 2 ta «MiG-29» rusumli harbiy samolyotlari kuzatuviga olingani haqida yozgan edik.

Lekin kuzatuv davomida Embraer 314 va «MiG-29» samolyotlari to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan. Ushbu samolyotlar uchuvchilari parashyut (katapult) orqali yerga tushishgan.