28 noyabr kuni Qirg‘izistonda Jogorku Kenesh (parlament) deputatlari saylovi bo‘lib o‘tdi. Yangi tizimga ko‘ra, ovoz berish ham bir partiyaviy saylov okrugida, ham bir mandatli 36 ta saylov okrugida o‘tkazildi, deb xabar bermoqda mahalliy 24.kg nashri.

Ta’kidlanishicha, saylovning dastlabki natijalari e’lon qilingan, biroq MSK tizimidagi texnik nosozlik ko‘pchilikda rasman keltirilgan raqamlarning to‘g‘riligiga shubha uyg‘otgan, deb yozmoqda nashr.

“Ata Meken” (“Ota makon”), “Reforma” (“Islohot”), “Sotsial-demokratы” (“Sotsial-demokratlar”), “Azattыk” (“Ozodlik”), “Uluttar Birimdigi” (“Xalqlar birdamligi”) partiyalari yetakchilari birlashib, umumiy bayonot bilan chiqishgan.

Yetakchilar “parlament saylovlari natijalari soxlashtirilgani” tufayli ularni tan olmasliklarini ma’lum qilgan. Siyosatchilar Vazirlar Mahkamasining zudlik bilan iste’foga chiqishini, shuningdek, “adolatli saylovlar” qayta o‘tkazilishini talab qilmoqda.

“Bu saylovlar haqiqiy emas deb topilishi kerak, aks holda biz xalqaro maydonda o‘zimizni sharmanda qilamiz”, — dedi “Uluttar Birimdigi” partiyasi rahbari Melis Mirzakmatov.

Nashrning ma’lum qilishicha, Qirg‘iziston MSK saytida nosozlik yuz bergan: ma’lumotlar xato bilan e’lon qilingan. Keyinroq komissiya deputatlarni saylash tizimi bo‘yicha ikkita dastur — saylov qutisidagi ovozlarni avtomatik sanash tizimi va ma’lumotlarni yig‘ish va ularni aks ettirish dasturi ishlab chiqilganini tushuntirgan. “Avvaliga saytga noto‘g‘ri dastur yuklangan”, — dedi MSK raisi Nurjan Shildabekova.

Avvalroq, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga urinish to‘xtatilgani haqida xabar bergan edik. Gumonlanuvchilar parlament saylovlari natijalari e’lon qilinganidan so‘ng “ayrim siyosiy kuchlar, jumladan, saylovda mag‘lub bo‘lganlar ko‘magiga tayanib” Bishkekda ommaviy norozilik namoyishlari uyushtirishni rejalashtirgani aytilgan.