2020 yilning iyun oyidan 2021 yilning shu davriga qadar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xaridlari sohasida 24 ta manzilli o‘rganishlar o‘tkazdi, deb xabar berdi agentlik matbuot xizmati.

O‘rganishlar natijasida jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal etish uchun huquqni muxofaza qilish organlari tomonidan jami 60 ga yaqin so‘rovnoma kiritilgan. So‘rovnomalar bo‘yicha 44 ta jinoyat ishi va 24 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilishi ta’minlandi.

«Mazkur qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarining 21 tasi, ma’muriy ishlarning 24 tasi davlat xaridlari sohasiga taalluqli xisoblanadi», — deyiladi xabarda.

Hududlar kesimida Andijon viloyatida 6 ta, Toshkent shahrida 4 ta, Jizzax viloyatida 4 ta, Qashqadaryo viloyatida 3 ta, Namangan viloyatida 1 ta, Toshkent viloyatida 1 ta, Navoiy viloyatida 1 ta, Samarqand viloyatida 1 ta jinoyat sodir etilgan.

Sohalar kesimida o‘rganilganda, qurilish sohasida 11 ta, sog‘liqni saqlash sohasida 4 ta, ta’lim sohasida 2 ta, sport sohasida 2 ta, madaniyat sohasida 2 ta jinoyatlar sodir etilgani aniqlandi.

Sodir etilgan jinoyatlarning 2 tasi respublika, 16 tasi viloyat, 3 tasi tuman-shahar tashkilotlari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda 18 nafar shaxslarga nisbatan sud hukmlari e’lon qilgani holda jazo muqarrarligi ta’minlangan. Ularning 7 nafari rahbar, 3 nafari hisobchi, 1 nafari ijrochi xodim va 7 nafari boshqa shaxslar hisoblanadi.