O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Ashxobod shahriga bordi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Poytaxt aeroportida uni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov kutib oldi. Shundan so‘ng mamlakatlar yetakchilari muzokara o‘tkazdi.


Suhbat avvalida O‘zbekiston prezidenti Turkmaniston rahbari va birodar turkman xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram — Betaraflik kuni bilan samimiy qutlagan.

Qayd etilishicha, muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.

Shuningdek, joriy yil oktabr oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq savdo-iqtisodiy hamkorlik borasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.

Xalqaro kun tartibi va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston prezidenti Turkmanistonning IHTdagi sermahsul raisligini yuksak baholadi va Ashxobod sammiti muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

So‘ng tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdi.