Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT)ning 15-sammitida nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

Davlat rahbari IHT o‘tgan davr mobaynida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega yirik mintaqaviy tuzilmaga aylangani, uning xalqaro maydondagi o‘rni va ahamiyati oshib borayotganini qayd etdi. O‘zbekiston tashkilot doirasida keng qamrovli aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori hamda bo‘lajak raislik vazifasini samarali amalga oshirish niyatida ekani ta’kidlandi.

«Davom etayotgan pandemiya ta’sirida jahon iqtisodiyoti rivojida qanday tendensiyalar kuzatiladi, xalqaro hamjamiyat yana qanday yangi xavf-xatarlarga duch keladi, degan savollarga hamon aniq javob yo‘q. Bunday o‘zgaruvchan sharoitda quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlarimizni birlashtirish zarur, deb hisoblaymiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident birinchi yo‘nalish sifatida 500 mln dan ortiq aholi yashaydigan, ulkan bozorga ega bo‘lgan mamlakatlarning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Qabul qilingan «Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti istiqbollari — 2025″ konseptual dasturi asosida mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini yanada kengaytirish va eng muhimi, amaliy natijadorlikka erishish maqsadga muvofiqdir. Mazkur hujjatda savdo to‘siqlarini bartaraf etish, bojxona tartiblarini raqamlashtirish, hamda hozirgi vaqtda dolzarbligi tobora oshayotgan elektron savdoni keng tadbiq etish masalalari o‘z ifodasini topishi zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari o‘zaro sarmoyalar oqimini ko‘paytirish va ularni ishonchli himoya qilish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan Qo‘shma harakatlar dasturini («Yo‘l xaritasi»ni) qabul qilish bugungi kun talabi ekanini ta’kidladi.

Shu bilan birga, o‘zaro savdo hajmlarini oshirish, mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqish va jahon bozorida umumiy raqobat-bardoshlikni kuchaytirish lozimligiga urg‘u berildi.

«Shu maqsadda BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti YUNIDO va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun SPEKA Maxsus dasturi bilan hamkorlikda Tashkilotimiz doirasida Savdo, investitsiyalar va innovatsiyalar markazini tashkil etish hamda uning qarorgohini Toshkent shahrida joylashtirishni taklif qilamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ikkinchi yo‘nalish — mintaqadagi mavjud va yangi transport yo‘laklaridan unumli foydalanish. Bu borada:

  • mintaqalararo tranzit xablarini tashkil etish;
  • zamonaviy transport va yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish;
  • transport va tranzit tariflarini optimallashtirish hamda qo‘shimcha chegirmalarni taqdim etish;
  • xalqaro yuk va yo‘lovchi tashish shartlarini yengillashtirish;
  • transport sohasini raqamlashtirish masalalariga aniq yechimlar topish zarurligi qayd etildi.

«Bu rejalarni ro‘yobga chiqarish uchun mamlakatlarimizning transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish va tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir», — dedi prezident.

Uchinchi yo‘nalish — «yashil taraqqiyot»ga erishish uchun amaliy sa’y-harakatlarni safarbar etish.

Ekologik muammolar va iqlim o‘zgarishi keskin tus olayotgan hozirgi davrda:

  • davlatlarda to‘plangan va xorijiy ilg‘or tajribadan samarali foydalanish;
  • «yashil iqtisodiyot»ni birgalikda faol rivojlantirish;
  • sanoat tarmoqlariga resurstejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etish;
  • uglerod neytralligiga erishish.

Shavkat Mirziyoyev buning uchun xalqaro ekolog olimlar va ekspertlar ishtirokida yuqori darajadagi (ekologiya vazirlari) doimiy Muloqot kengashini tuzishni taklif etdi.

To‘rtinchi yo‘nalish — sayyohlik almashuvlarini qayta tiklash.

Buxoro shahrida 2022 yili bo‘lib o‘tadigan turizm vazirlarining navbatdagi uchrashuvida pandemiyadan keyingi davrda Xavfsiz sayyohlikni rivojlantirish umummintaqaviy Dasturini qabul qilish tashabbusi bildirildi.

«Shu asosda „ziyorat turizmi“ va boshqa qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini ishlab chiqish, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilgan bo‘lar edi», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev IHT a’zosi bo‘lgan Afg‘onistondagi bugungi murakkab vaziyat haqida alohida to‘xtalib o‘tdi:

«Ushbu mamlakat kun sayin og‘ir gumanitar inqirozga kirib bormoqda. Xalqaro hamjamiyat, jumladan, yaqin qo‘shnilar yordamisiz afg‘on xalqi yakka holda bu qiyin sinovlardan o‘ta olmaydi. Shu bois afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishimiz kerak», — dedi u.

Shuningdek, davlat rahbari O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan yirik savdo, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish ishlarini izchil davom ettirish tarafdori ekanini ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashkilotning xalqaro nufuzi va obro‘sini oshirish bo‘yicha ham o‘z takliflarini ilgari surdi. Jumladan:

  • boshqa mintaqaviy tashkilotlardan farq qiladigan va o‘ziga xos kun tartibiga ega bo‘lish;
  • yetakchi xalqaro tuzilmalar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash;
  • hamkorlikning institutsional mexanizmlarini rivojlantirish;
  • tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar tayyorlash uchun yuqori darajadagi Ekspertlar guruhini tuzish;
  • hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va dolzarb vazifalardan kelib chiqib, har yilga nom berish an’anasini joriy etish.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston IHTga raislik qiladigan davrda mamlakatlarda O‘zaro uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash yili, deb e’lon qilishni taklif etdi.

«Biz bugungi tadbirimizning yakuniy hujjati — Harakatlar uchun Ashxobod konsensusi qabul qilinishini ham qo‘llab-quvvatlaymiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, davlat rahbari tashkilotning yangi bosh kotibi Xusrav Noziriyni «mas’uliyatli faoliyati boshlanishi munosabati bilan samimiy tabriklab», kelgusi ishlarida yutuq va omadlar tiladi.

Prezident so‘zini yakunlar ekan, yig‘ilganlarni navbatdagi sammitda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga taklif etdi.