Majburiy ijro byurosi 3000 nafardan ko‘proq qarzdorni qidirmoqda. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda byuro axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunga binoan byuroning davlat ijrochilari tomonidan qarzdor va uning mol-mulki turgan joyi haqida ma’lumotlar bo‘lmaganda, ularni qidirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Xususan, byuro organlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv faoliyat natijasida 2021 yilning o‘tgan davrida qarzdorligi tufayli 7 800 dan ziyod jismoniy shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Ularning 4 500 nafardan (58%) ortig‘i topilgan va majburiy ijro harakatlari o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, hozirda 3 264 nafar qarzdorni qidirib topish choralari ko‘rilmoqda. Ushbu shaxslarning 2 149 nafari respublika hududida yashirinib yurganligi, 1 115 nafari chet elga turli maqsadlarda chiqib ketganligi aniqlangan.

Qo‘shimcha qilinishicha, qidiruvdagi shaxslar topilishi natijasida qarzdorlardan jami 30 mlrd 700 mln so‘m, shu jumladan 22 mlrd 800 mln so‘m aliment pullari undirilgan.

«Hozirda 80 dan ortiq ijro ishlari bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan farzandlarning onalari qaramog‘iga olib berilishi bo‘yicha 57 ta ijro ishlari amalda tamomlandi. Qolgan ishlari bo‘yicha qidiruv harakatlari davom etmoqda», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, 2021 yilda qidiruv e’lon qilingan 4 222 ta avtotransport vositalarining 3 073 tasi, ya’ni 73 foizi tezkor tadbirlar natijasida topilgan. Qolgan 1 149 ta avtotransport vositalarini topish bo‘yicha qidiruv tadbirlari davom etayotganligi aytildi.

Qayd etilishicha, qidirib topilgan 3 073 tasi avtotransport vositalari undiruvga qaratilishi natijasida 40 mlrd 500 mln so‘mlik qarzdorlik undirilishi ta’minlangan.