Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishi to‘xtatib qolindi

Qirg‘izistonda hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinish bostirildi. Bu haqda juma kuni respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (GKNB) matbuot markazi ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan «bo‘lajak parlament saylovlari xavfsizligini ta’minlash» bo‘yicha olib borilgan ishlar davomida bir guruh shaxslar «barqarorlikni buzish maqsadida provokatsiyalar uyushtirishni rejalashtirganliklari» haqida ma’lumot olingan.

Ismi va familiyasi hozircha e’lon qilinmagan gumonlanuvchilar parlament saylovlari natijalari e’lon qilinganidan so‘ng «ayrim siyosiy kuchlar, jumladan, saylovda mag‘lub bo‘lganlar ko‘magiga tayanib» Bishkek hududida ommaviy norozilik namoyishlari uyushtirishni rejalashtirgan. Ular huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlar keltirib chiqarishni ham maqsad qilgani aytilmoqda — TASS.

Ushbu ish doirasida 15 kishi hibsga olingan. «Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilib, yuqorida qayd etilgan jinoiy guruhning boshqa a’zolari aniqlanib, ularning qilmishlariga ham tegishli huquqiy baho beriladi», — deyiladi xabarda.


Istanbulda politsiya ayollar namoyishini tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalandi

Istanbulda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish uchun kurash kuni munosabati bilan namoyish o‘tkazildi. Uning ishtirokchilari ayollarga qarshi jinoyatlar ko‘payib borayotgani va ularning huquqlari poymol etilayotganiga, shuningdek, Turkiyaning ayollarni himoya qilish bo‘yicha Istanbul konvensiyasidan chiqishiga qarshi chiqishdi. Norozilik bildiruvchilarni tarqatish uchun politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Bu haqda Kommersant’ xabar berdi.

Aksiyalar butun Turkiya bo‘ylab, jumladan Antaliya, Bursa, Diyarbakir, Izmir, Mug‘la shaharlarida o‘tkazildi. Istanbulda bir necha o‘nlab ayollar ko‘chaga chiqdi. Ular «Jim emasmiz, qo‘rqmaymiz, itoat etmaymiz», «Ayollar birgalikda kuchlidir» kabi shiorlar bilan chiqishdi. Namoyishchilar ayollar mehnatining ekspluatatsiyasi, zo‘ravonlikning kuchayishi va «ularning hayotiga aralashish»ga qarshi chiqishdi.


Rossiyaning Kuzbass viloyatidagi konda yuz bergan falokatda halok bo‘lganlar soni 52 kishiga yetdi

Kuzbassdagi «Listvyajnaya» konida yuz bergan favqulodda hodisa natijasida 52 kishi halok bo‘ldi, deya xabar berdi Interfaks. Xabarda aytilishicha, halok bo‘lganlar orasida olti nafar qutqaruvchi va konchilar ham bor.

Qayd etilishicha, halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi is gazidan vafot etgan.

Ushbu fakt bo‘yicha Rossiya tergov qo‘mitasi RF Jinoyat kodeksining 217-moddasi 2-qismi (xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi talablarini buzish, ehtiyotsizlik natijasida odam o‘limiga olib kelgan) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Viloyat prokuraturasi tomonidan mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi. Hozirda portlash xavfi tufayli qutqaruv ishlari ertalabgacha to‘xtatilgan.


Pekin tug‘ilish darajasini rag‘batlantirish uchun yangi choralarni joriy qilmoqda

Pekin hukumati Xitoy hozirda duch kelayotgan demografik muammolar fonida ayollar uchun qo‘shimcha bola parvarishi ta’tillari muddatini 30 kundan uzaytirdi, deyiladi shahar hokimiyati bayonotida.

Bayonotda qayd etilganidek, ayollar uchun 98 kunni tashkil etuvchi asosiy tug‘ruq ta’tilidan tashqari qo‘shimcha ta’til 30 kundan 60 kunga oshirildi. Bundan tashqari, bola uch yoshga to‘lgunga qadar, har bir er-xotin har yili qo‘shimcha besh kunlik bola parvarishi ta’tilini olishlari mumkin — RIA Novosti.


Shvetsiyada bosh vazirlikka saylangan ilk ayol 7 soatda iste’foga chiqdi

24 noyabr kuni Shvetsiya bosh vazirligiga birinchi marta ayol kishi — Sotsial-demokratik ishchi partiyasi rahbari va moliya vaziri Magdalena Andersson saylandi. U Yashillar partiyasining hukumat tarkibidan chiqish to‘g‘risidagi qarori bog‘liq bo‘lgan Vazirlar Mahkamasida bo‘linish tufayli yetti soatdan keyin iste’foga chiqdi. Bu haqda RBK nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Anderssonning iste’fosi parlament spikeri tomonidan ma’qullangan. «Spiker Andreas Norlen bosh vazir Magdalena Anderssonning iste’foga chiqish haqidagi arizasini qabul qildi va ma’qulladi. Spiker vaziyatni muhokama qilish uchun partiya yetakchilari bilan bog‘lanadi va hukumatni shakllantirish jarayoni haqida nutq so‘zlaydi», — deyiladi parlament bayonotida.

Ushbu holat Shvetsiyada taxminan olti oydan beri davom etayotgan hukumat inqirozining davomi hisoblanadi. Bu mamlakat parlamentida (riksdag) bosh vazir ma’qullaydigan kuchlarning muvozanati bilan bog‘liq. Andersson boshchiligidagi Sotsial-demokratik partiya hozirda riksdagdagi o‘rinlarning uchdan biridan kamrog‘iga (100) egalik qiladi, Yashillar partiyasi esa 349 tadan atigi 16 ta ovozga ega. Shunga qaramay, Shvetsiya hukumati ushbu ikki partiyaning koalitsiyasi asosida tuzilgan.