2022 yil yakuniga umumiy davlat qarzi 33,5 mlrd dollar yoki YAIMga nisbatan 45,2 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda, deya ma’lum qildi Moliya vazirligi 2022 yilgi «Fuqarolar uchun budjet» loyihasida.

Loyihaga muvofiq, 2021 yilda umumiy davlat qarzining YAIMga nisbati 41,5 foizga teng bo‘lishi kutilmoqda. Ta’kidlash joizki, Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy davlat qarzi qoldig‘ining yalpi ichki mahsulotga nisbati 2021 yil boshida 38,9 foizni, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha 38,6 foizni va birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha 38,5 foizni tashkil etgan edi.

Manba: «Fuqarolar uchun budjet» 2022 loyihasi

Prognozlarga ko‘ra, 2022 yil yakuniga davlat tashqi qarzi 30,4 mlrd dollarni yoki YAIMga nisbatan 41 foizni tashkil etadi. Shundan:

  • 23,5 mlrd dollar — O‘zbekiston nomidan jalb qilingan qarz mablag‘lari;
  • 6,9 mlrd dollari — O‘zbekiston kafolati ostida jalb qilingan qarz mablag‘lari.

2021 yil yakuniga ko‘ra davlat tashqi qarzi YAIMga nisbatan 37,6 foizni tashkil etilishi prognoz qilinmoqda.

Manba: «Fuqarolar uchun budjet» 2022 loyihasi

Vazirlik davlatning umumiy tashqi qarzi miqdoran o‘sishiga qaramay, «makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada» ekanligini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash maqsadida 2020−2021 yillarda davlat qarzlarini jalb qilishda ayrim cheklovlar o‘rnatilgan. Jumladan, O‘zbekiston hukumati nomidan va O‘zbekiston kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzi hajmining xavfsizlik chegarasi YAIMga nisbatan 60 foiz etib belgilangan. Shuningdek, 2022 yilda O‘zbekiston nomidan va O‘zbekiston kafolati ostida ichki va tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yangidan imzolanayotgan shartnomalarning hajmi 4,5 mlrd dollari hisobida prognoz qilinmoqda.

Prognozlar 2022 yilda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlar 14 trln 270 mlrd so‘mni tashkil etishini ko‘rsatgan. Shundan:

  • davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha — 7,8 trln so‘m;
  • davlat ichki qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha — 6,4 trln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Manba: «Fuqarolar uchun budjet» 2022 loyihasi

2022 yilda davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha jami xarajatlar 1,9 mlrd dollarni tashkil etib, shundan 0,7 mlrd dollar — budjet mablag‘lari hisobidan, 1,2 mlrd dollar — qarz oluvchi korxonalar mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan.

Qayd etilishicha, 2022 yilda kutilayotgan budjet taqchilligining (konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi — 25,5 trln so‘m va asosiy qarz — 10,2 trln so‘m) 66 foizi tashqi manbalar hisobidan qoplanishi mo‘ljallanmoqda.

Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov sentabr oyi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida hukumat tomonidan davlat qarziga YAIMga nisbatan 60% darajasida chegara qo‘yilgan bo‘lsa-da, lekin asl maqsad — ushbu ko‘rsatkichni 45−50% dan oshirmaslik ekanligini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «budjet taqchilligi o‘sganida davlat qarzi ma’lum darajagacha ko‘tarilishi» mumkin, lekin 60 foizlik chegaradan oshmaydi.

May oyining o‘rtalarida prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi qarz o‘sishiga to‘xtalib, «Hamma bizning tashqi qarzimiz o‘sayotgani haqida gapiradi. Agar biz chet eldan pul olmaganimizda, iqtisodiyotimizni shu darajagacha rivojlantira olarmidik?», — degan edi.