Hukumatning 24 noyabrdagi «Toshkent shahrida Italiyaning Piza universiteti filialini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga asosan filialda geologiya bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi, geologiya yo‘nalishida tadqiqotlar o‘tkaziladi va ularning natijalari amaliyotga joriy etiladi.

Filialda ta’lim 2022/2023 o‘quv yilidan kunduzgi shaklda o‘zbek, ingliz va rus tillarida kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Bitiruvchilarga Piza universiteti diplomi beriladi.

Qabul paramertlari mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib belgilanadi.

Piza universiteti (Università di Pisa) — Italiyaning Piza shahrida joylashgan bo‘lib, Yevropaning eng qadimiy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Uning tarixi XI asrga borib taqaladi. Muassasa 1343 yilning 3 sentabr kuni universitet maqomini olgan. Fakultetlar soni 11 ta, talabalari esa 57 mingdan ortiq.