Sog‘liqni saqlash vazirligining muassasalarini loyihalash bo‘yicha bosh tashkiloti bo‘lgan «O‘ztibloyiha» MCHJga turkiyalik mutaxassis Guray Kaymak direktor etib tayinlandi, deb xabar berdi SSV matbuot xizmati.

48 yoshli me’mor sanoat arxitekturasi mutaxassisligi bo‘yicha Turkiyada bakalavr, Makedoniyada magistratura darajasini olgan.

Guray Kaymak 1993 yilda ish faoliyatini «MNG HOLDING» kompaniyasida boshlagan. Mazkur kompaniya Istanbul xalqaro aeroportini qurishda qatnashgan.

Mutaxassis shuningdek, Ruminiyada qator bank binolari, Turkiyada «Bayindir tib merkezi» tomonidan quriladigan tibbiyot muassasalarini va poytaxtdagi Intercontinental («International Hotel Tashkent») mehmonxonasi binocini loyihalashtirishda ishtirok etgan. Uning so‘nggi yillardagi loyihalaridan biri 2020 yilda foydalanishga topshirilgan Namangandagi zamonaviy kutubxona binosi bo‘ldi.

«O‘ztibloyiha» boshqaruviga kelgan yangi rahbar zimmasiga tibbiyot yo‘nalishiga oid qurilish obyektlarini eng ilg‘or andazalardan foydalanib loyihalashtirish, shuningdek, ilmiy-texnik konstruktorlik loyihalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish hamda bu borada texnik yordam ko‘rsatish vazifasi yuklatilgan.

Endilikda hududlarda mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlanayotgan har bir tibbiyot muassasasi loyihasi Gurey Kaymak boshchiligidagi «O‘ztibloyiha» tomonidan tasdiqlanishi belgilandi, deyiladi xabarda.