Toshkentning Mirzo Ulug‘bek va Bektemir tumanida kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy savdosi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “M. F.” MCHJga qarashli dorixona sotuvchilari S. S. va M. M. lar 2 dona “Regapen” nomli dori vositasini 50 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, ushbu dorixonadan 161 dona “Zardeks”, 56 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, “M.” MCHJga qarashli dorixona sotuvchilari S. M. va S. E. lar xaridorga 4 dona “Regapen” nomli dori vositasini 100 ming so‘mga sotgan vaqtida qo‘lga olindi. Mazkur dorixonadan 62 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Xuddi shunday, “N.” MCHJga qarashli dorixona sotuvchilari S. A. va U. E. lar 3 dona “Zardeks” nomli dori vositasini 45 ming so‘mga sotganligi aniqlandi. Ushbu dorixonadan 83 dona “Zardeks”, 4 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Iyun oyida poytaxtning Uchtepa va Chilonzor tumanlarida, avgust oyida Bektemir, Yangihayot va Chilonzor tumanlarida, sentabr oyida Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarida kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy savdosi aniqlangani haqida xabar berilgan edi.