O‘zbekistonda 25 noyabrdan boshlab «Zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashamiz» shiori ostida «Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar» kampaniyasi boshlanadi. Bu haqda 22 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda ma’lum qilindi, deya xabar berdi Senat matbuot xizmati. Ushbu global kampaniya jahonning 187 ta mamlakatida o‘tkaziladi.

«Gender zo‘ravonlik geografik, ijtimoiy yoki iqtisodiy chegaralarning bilmasligini ko‘rib turibmiz. Rivojlanayotgan, rivojlangan mamlakatlarda ham bu muammoga barham berish jiddiy choralar ko‘rishni talab qiladi», — deya ta’kidladi Senat raisi Tanzila Narbayeva tadbirda.

«Mamlakatimizda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, zo‘ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish bo‘yicha qator aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi. 8 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, shundan 2 tasi qonunlardir. Shu bilan birga jamiyatimizda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchrab turibdi, bunday xolatlarni endi yashirib bo‘lmaydi. Ammo ba’zi opa-singillarimiz o‘zlari bilan sodir bo‘lgan zo‘ravonlik holatlarini oshkor qilmaslikni afzal ko‘rishlarini ham yaxshi bilamiz», — dedi u.

«Ushbu yo‘nalishda dastlabki qadamlar qo‘yildi, ammo oldinda uzoq va mashaqqatli ishlar turibdi. Bu kurashda har birimizning ishtirokimiz muhim. Biz birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham har bir ayol va qizning sifatli tibbiy xizmat va ta’lim olishi, munosib ish bilan ta’minlanishi, zarur hollarda, ijtimoiy himoyalanishiga ishonaman. Eng muhimi, ularning huquqlari davlat tomonidan kafolatlanganligi, hayotlari havf ostida emasligiga ishonchni shakllantirishdir», — deya qayd etdi Senat rahbari.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 15 yoshdan oshgan har uchinchi ayol hayoti davomida kamida bir marta bo‘lsa ham jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchramoqda.

May oyida prezidentning «Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, u zo‘ravonlikka uchragan ayollarga yordam ko‘rsatish tizimini yaratish, oilaviy-maishiy zo‘ravonlikning oldini olish va uning salbiy oqibatlariga barham berishga qaratilgan edi. Mahalla va oilani qo‘llab — quvvatlash vazirligi huzurida 29 ta ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi tashkil etildi. Shu vaqtgacha reabilitatsiya markazlari nodavlat notijorat tashkiloti sifatida faoliyat yuritib kelgan bo‘lsa, endilikda ularning faoliyati to‘liq Davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilishi belgilandi. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki shunga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish va tezkor ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish maqsadida «1146» Ishonch telefoni «AZIZ-AYOL.UZ» yagona interaktiv milliy platformasi bilan muvofiqlashtirildi, deyiladi parlament yuqori palatasi xabarida.

Bugungi kunda parlament tomonidan vakolatli davlat idoralari bilan hamkorlikda milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqilmoqda, deyiladi bayonotda.