Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda prezident O‘zbekistonda muqobil energetikani rivojlantirish sohasidagi vazifalarni belgilab berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

“2026 yilga qadar quyosh va shamol elektr stansiyalari umumiy quvvatini 8 ming mVtga yetkazish zarur (avvalgi rejada 8 ming mVt quvvatni 2030 yilgacha barpo etish belgilangan edi)”, — dedi prezident

Shuningdek, “yirik sanoat korxonalari ham o‘z energiya ta’minoti bo‘yicha qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tashkil etishi uchun zarur sharoitlar yaratish kerakligi” aytildi.

“Huddi shunday, aholi va tadbirkorlarni qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishini qo‘llab-quvvatlash lozim”, — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

“Kelgusi besh yilda 8 ming mVtli quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurishda qariyb 6 mlrd dollarlik butlovchi qism va materiallar xarid qilinadi. Shu munosabat bilan ularni mahalliylashtirish choralarini ko‘rish lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, “barpo etiladigan elektr stansiyalariga ming nafardan ziyod muhandis va qariyb 3 ming nafar o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari talab etilishi” aytildi.

“Shuning uchun yil yakuniga qadar Navoiyda qayta tiklanuvchi energiya sohasida kadrlar tayyorlash markazi ishga tushiriladi. Navoiy, Sirdaryodagi o‘quv markazlarida xalqaro standartlar asosida yiliga 200 nafar malakali mutaxassis tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi prezident.