19 noyabrdan «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unga ko‘ra, qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksi, «Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida» hamda «Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi qonunlarga qo‘shimcha kiritildi.

Ushbu o‘zgartirishlar tufayli endilikda qonun bilan Antikorrupsiya agentligi xodimlari korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishini o‘rganish va tahlil qilish uchun jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish, hujjatlar bilan tanishish huquqiga ega bo‘ldi.

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonunda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda boshqa davlatlarga yordam ko‘rsatadigan organlar qatoriga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham kiritildi.

«Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi va «Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunlarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga binoan Antikorrupsiya agentligi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari qatoriga kiritildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi etib qayta tashkil etilishi munosabati bilan qonunchilikka tegishli normalar kiritildi.

«Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar ro‘yxatiga kiritildi va uning shu sohadagi vakolatlari belgilandi.

«Endilikda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslar va ularning qarindoshlari davlat himoyasida bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Bunday shaxslarning hayoti va sog‘ligiga haqiqiy tahdidni, ularga nisbatan zo‘rlik ishlatilganini, mol-mulki yo‘q qilinganligi yoki shikastlantirilganligini tasdiqlovchi yetarli asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda korrupsiyaga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi organlar «Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, ularni himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shart.

Shu bilan birga «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida»gi va «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi qonunlarda Qonunchilik palatasi va Senatning Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tayyorlanadigan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqish tartibi belgilandi.

Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va Senat Milliy ma’ruzani dastlabki tarzda ko‘rib chiqib, fikr va takliflar ishlab chiqadi. Shuningdek, palata majlislarida majburiy ravishda har tomonlama muhokama qiladi. Parlament palatalarining Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish bo‘yicha qabul qilgan qarorlari agentlikka yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarga hokimlar rais etib belgilangani haqida xabar berilgandi.