Toshkentda yoshlar o‘rtasida 2025 yilgi Paraosiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Bu haqda Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid ma’lum qilgan.

Milliy paralimpiya qo‘mitasi Turzim va sport vazirligining qo‘llab-quvvatlashida yoshlar o‘rtasida paraosiyo o‘yinlarini 2025 yilning sentabr oxiri va oktabr boshida o‘tkazish to‘g‘risida ariza bergan.

“Bir qator kuchli takliflar ko‘rib chiqildi. Lekin g‘olib faqat bitta bo‘lishi mumkin va biz Toshkentni tanladik. Markaziy Osiyo mintaqasi o‘zining birinchi yirik mintaqaviy o‘yinlarini o‘tkazishidan juda mamnunmiz va umid qilamizki, bu mintaqada para-sportni rivojlantirish uchun katalizator bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi OPQ prezidenti Majid Rashid.

O‘tgan yilning avgust oyida O‘zbekiston 2025 yili yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan IV yozgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishi haqida xabar berilgan edi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga ko‘ra, shu paytgacha hech qaysi davlatda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari ketma-ket o‘tkazilmagan.

Fevral oyida “Gazeta.uz” yangi aerodrom yaqinida faqat daraxtzor, buta va gullardan iborat dendropark (155 gektar), shuningdek, uning yonida Olimpiya shaharchasi (160 gektar) qurilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Chirchiq daryosining qirg‘oqlarida ham park (270 gektar) bunyod etilishi ko‘zda tutilganligi aytilgan.