18 noyabr kuni OKMK rahbariyati va Rossiyaning VEB.RF taraqqiyot korporatsiyasi o‘rtasidagi onlayn uchrashuv chog‘ida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibidagi 3-mis boyitish fabrikasini qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha kredit shartnomasi imzolandi, deb xabar berdi kombinat matbuot xizmati.

obyekt qurilishini moliyalashtirish uchun 712 mln yevro (824,3 mln dollar) miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratiladi. Mablag‘lar loyiha doirasida Rossiya uskunalari va xizmatlari uchun shuningdek, loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq O‘zbekistondagi xarajatlarning bir qismiga yo‘naltiriladi.

OKMK rudani qayta ishlash hajmini yiliga 160 mln tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu esa 2028 yilga kelib, mis katodi ishlab chiqarishni yiliga 400 ming tonnaga yetkazish imkonini beradi. Shuningdek, OKMK tomonidan 2028 yilda yiliga oltin ishlab chiqarish 3 baravarga, kumush ishlab chiqarish 2 baravarga ortadi.


«Rossiyaning VEB.RF korporatsiyasi moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshirilayotgan 3-mis boyitish fabrikasining qurilishi O‘zbekistondagi eng yirik loyiha hisoblanadi. E’tiborlisi, ushbu kredit kombinatga davlat kafolatisiz va ta’minotisiz imtiyozli shartlar asosida taqdim etildi. Mazkur loyiha kombinat taraqqiyotining yangi bosqichga qadam qo‘yganini bildiradi. Biz kombinat istiqboli yo‘lida Rossiya banklari va korxonalari bilan hamkorlikni davom ettiramiz, — dedi OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov.

Eslatib o‘tamiz, oktabrda O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi misning dunyoda hozirgi va kelajakda ishlatilishi haqidagi umumiy sharhini e’lon qilgan edi. Hozirda O‘zbekiston mis mahsulotlarini sotishdan 2,5 mlrd dollar daromad oladi, bu metalning qariyb 60 foizi xomashyo sifatida eksport qilinadi. Elektr transport vositalari va elektrotexnika ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga 2030 yilga borib global talabning 40 foizga o‘sishi kutilmoqda. Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi OKMK mis klasteri bazasida elektromobillarni quvvatlash shoxobchalari hamda elektromobillar va elektr avtobuslar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni tavsiya qilgan.