15 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi deputati, O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi tuman kengashi raisi, tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan Feruza Babashevaning noma’lum erkak bilan to‘shakda yotgani aks etgan kadrlar tarqaldi.

Ertasi kuni Toshkent viloyati IIBB 2 oktabr kuni boshqarma tezkor xodimlari mahalliy aholidan birining arizasiga ko‘ra dachalardan birida tekshiruv o‘tkazib, u yerda F.B. (ayol) va D.Sh.(erkak) jinsiy aloqada bo‘layotgani aniqlanganini ma’lum qildi. Bayonotda aytilishicha, IIBB videoning tarqalishi bilan bog‘liq holatlarni o‘rganmoqda.

Feruza Babashevaning aytishicha, o‘sha kuni uni uch soat ushlab turishgan (boshqalarni qo‘yib yuborishgan), jim yurishi haqida tushuntirish va kafolat xati yozishga majburlamoqchi bo‘lishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning barmog‘i singan. U o‘zini qo‘llab-quvvatlayotgan xalqdan uzr so‘rab, ichki ishlar organlarining «vijdonsiz va pastkash» xodimlari va rahbarlarini javobgarlikka tortish zarurligini ta’kidladi.

Taniqli blogerlar, deputatlar, jamoat tashkilotlari vakillari Feruza Babashevani himoya qilib chiqdi. Payshanba kuni komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi, unda uni deputatlik daxlsizligidan mahrum qilish masalasi ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. «Gazeta.uz» deputat va so‘nggi haftalarda uning atrofida sodir bo‘layotgan voqealar tafsilotini o‘rgandi.

Feruza Babasheva kim?

Foto: Effect.uz.

Feruza Babasheva XDP O‘rtachirchiq tuman kengashi raisligiga tayinlanib, deputatlikka saylanguniga qadar uzoq yillar xalq va maktabgacha ta’lim sohasida mehnat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u 12 yil davomida maktab direktori, keyin esa xalq va maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri lavozimlarida ishlagan.

Deputatlik faoliyatiga to‘xtalar ekan, xalq murojaatlari bilan ishlagan odam mutasaddilarga yoqmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, ularga «qarsak chalib, qo‘l ko‘taradigan» deputatlar yoqadi, lekin u bunday bo‘lishni xohlamaydi.

U o‘zining Telegram-kanalida va Facebook sahifasida tez-tez fuqarolar murojaatlarini e’lon qiladi, muammoni o‘rganish uchun joylarga boradi, onlayn-translyatsilar o‘tkazib, ko‘pincha mansabdor shaxslarni, hatto Senat raisi Tanzila Narboyevani ham (parlament yuqori palatasi kengashlar faoliyatini muvofiqlashtiradi) tanqid qiladi.

U kengash sessiyasi o‘tkazilishini bir kun avval e’lon qilgan viloyat kengash kotibiyati mudirini ham tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kotibiyatlar rahbarlarining 90 foizi hokimlar vakillari tomonidan tayinlangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zXDP kengashi ko‘pincha ijro hokimiyatini sudga berib, ularni yutib chiqadi. Jumladan, uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zXDP deputatlari Kengashga saylovlar paytidagi noqonuniy xatti-harakatlar, shuningdek, Toshkent viloyati hokimligining partiya mol-mulkini o‘zlashtirgani va boshqa holatlar bo‘yicha sudlarda yutib chiqqan.

«Gazeta.uz» 28 avgust kuni Toshkent viloyatida mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida Feruza Babasheva vaIIB xodimlari o‘rtasida tortishuv kelib chiqqa haqida yozgan edi. Viloyat IIBB ma’lumotiga ko‘ra, mojaroga xalq vakillari tadbirga niqobsiz kelganligi sabab bo‘lgan. Deputatlar esa 50 nafarga yaqin yosh bola va ularning ota-onalari bayramga kiritilmagani, yana bir ayolga kuch ishlatilgani hamda deputatning daxlsizlik huquqi buzilganini aytishgandi.

Deputatlik daxlsizligidan mahrum etishga urinish

Feruza Babasheva va uning hamkasbi O‘rtachirchiq tumani hokimligida kengashning odob-axloq masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi yig‘ilishi boshlanishidan oldin. Foto: Sirojiddin Media.

10 noyabr kuni Feruza Babasheva uni deputatlik daxlsizligidan mahrum qilmoqchi bo‘lganidan xabar topdi. Bir kun avval O‘rtachirchiq tumani prokuraturasi tomonidan tegishli tartibda kengash ko‘rib chiqishi uchun taqdimnoma kiritildi. Mazkur masalani ko‘rib chiqish kengashning 16 noyabrdagi sessiyasi kun tartibiga kiritilgan edi.

Uning fikricha, bu yerda taqdimnomani qabul qilish tartibi buzilgan. Deputatning tasdiqlashicha, hokimning majlis o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori chiqarilishi va deputatni daxlsizlikdan mahrum qilish masalasi kun tartibiga kiritilishidan kamida bir hafta oldin kengashning odob-axloq bo‘yicha doimiy komissiyasi yig‘ilish o‘tkazib, uni hujjat bilan tanishtirishi zarur, biroq bu amalga oshirilmagan.

Uning ta’kidlashicha, dastlab ular 10 noyabr kuni kun tartibini oldindan e’lon qilmasdan sessiyani tezlashtirilgan sur’atda o‘tkazmoqchi bo‘lishgan, ammo keyinroq 16 noyabrga ko‘chirilgan. U, agar u savollar berishni boshlamaganida, prokuratura taqdimnoma kiritgan kunning ertasigayoq deputatlik daxlsizligidan mahrum qilinishi mumkin edi, deb gumon qilmoqda.

Yakunda hokim qarori e’lon qilingandan so‘ng kengashning odob-axloq bo‘yicha doimiy komissiyasi chaqirilgan. Deputat yig‘ilishda prokuror yordamchisining ham ishtirok etishiga qarshi chiqdi va buni «qonuniylik nuqtai nazaridan noto‘g‘ri» deb baholadi.

«Aslida 9 noyabrda taqdimnoma kiritilganidan keyin 10 noyabrda sizlar [kengash komissiyasi] meni chaqirishingiz, qo‘limga taqdimnomani berishingiz, kamida bir haftadan keyin, 17 noyabrga doimiy komissiya yig‘ilishini qo‘yishingiz kerak edi. Undan keyin 17 noyabrda men o‘zimning asoslarim bilan kelishim kerak edi. Chunki agar „Agrobank“ masalasi bo‘lsa, u SMSni men yozmaganman. Uni Adliya vazirligida ishlaydigan yurist yozgan. Men o‘sha yuristni olib kelaman. Nima uchun sizlar meni hozir birdaniga hech qanday ma’lumotga tayyormas holatimda, yana kamida bir soat qolganda chaqirdingizlar?» — dedi Feruza Babasheva.

«Agrobank» bilan bog‘liq hodisa

Feruza Babasheva odob-axloq bo‘yicha doimiy komissiya yig‘ilishida.Foto: Sirojiddin Media.

O‘rtachirchiq tumani prokuraturasining 9 noyabrdagi taqdimnomasida qayd etilishicha, tergov bo‘limi tomonidan «Agrobank» boshqarma boshlig‘i Muxitdin Qiyomovning arizasiga ko‘ra tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, Effect.uz sayti «Eng o‘g‘ri bank bu — „Agrobank“, emlashni majburiy qilish to‘g‘ri emas — deputat Feruza Jo‘rabekovna» sarlavhasi ostidagi videoni e’lon qildi. Unda deputat Feruza Babasheva «Agrobank»ni «eng o‘g‘ri banklardan biri» deb atagan, chunki ushbu bank o‘qituvchilarning ta’til pullarini naqdlashtirishda 1 foizdan ustama olib qolganini ta’kidlagan.

«Agrobank» boshqarma boshlig‘i Muhitdin Qiyomov deputatning Telegram-kanali izoh qismiga «ushbu harakatlarning noqonuniy ekanligi, bundan fuqarolarning asossiz noroziliklari oshib, jamiyatga faqat zarar keltirishi mumkin"ligini yozadi.

Feruza Babasheva esa unga javoban Muhitdin Qiyomovni «ilmsiz, ikkiyuzlamachi, o‘zining manfaatida ota-onasi hamda xalqidan voz kechadigan qo‘rqoq, haqiqatni gapira olmaydigan «echki» va «xo‘jayinlarining topshirig‘ini itlarga o‘xshab akillab bajarar ekansiz» deb go‘yoki haqoratlaydi.

Qayd etish joizki, deputat Telegram-kanaliga postlarni izoh qoldirish imkoniyatisiz joylashtirgan, videotranslyatsiya vaqtida u «O‘zbekistondagi eng o‘g‘ri bank, bu — «Agrobank» degan izohni o‘qiydi va unga o‘z munosabatini bildirar ekan: «Endi hozir shunaqa bo‘lyapti, shu fikrga kelishdan boshqa ilojimiz yo‘q», — deydi (10:28). «Agrobank» o‘z xabarida deputatning «qo‘shilaman» deb tasdiq ishorasini qilishini «qonunbuzilish holati» deb baholaydi.

Prokuratura o‘z taqdimnomasida Feruza Babasheva Jinoyat kodeksining 41-moddasida (Kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkalchilik) ko‘zda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganini ko‘rsatgan va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (Haqorat qilish) moddasi bo‘yicha uni javobgarlikka tortish uchun deputatlik daxlsizligidan mahrum etishni so‘radi.

Keyinroq deputat Muhitdin Qiyomovning «Agrobank»ga qadar Toshkent viloyati prokurori lavozimida ishlaganini ma’lum qildi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan. Feruza Babasheva uni kengash sessiyasida ishtirok etishga taklif qildi.

Toshkent viloyati IIBBning izohi

Foto: Toshkent viloyati IIBB.

15 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda deputat Feruza Babasheva va noma’lum erkak aks etgan intim mazmundagi fotosuratlar va videolar tarqaldi.

Keyingi kuni Toshkent viloyati IIBB «jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jazo muqarrarligi va qonun ustuvorligi ta’minlash bo‘yicha ichki ishlar bosh boshqarmasi va hamkorlikdagi tashkilotlar bilan „Xavfsiz hudud“ va „Xavfsiz tun“ tezkor-profilaktik tadbirlari» o‘tkazib kelinayotgani haqida xabar qildi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, tadbir davomida Bo‘stonliq tumani «Xumson» mahallasida yashovchi fuqaro viloyat IIBBga ariza bilan murojaat qilib, «Sarvar» va «Bahrom» ismli shaxslar tuman «Chorbogʻ goʻzal bogʻi» jamiyati hududida joylashgan dala hovlilarda ishratxona tashkil qilib, kunlik ijaraga berishini va u yerda shaxslarni jinsiy aloqa qilishlari uchun shart-sharoit yaratilganini ma’lum qilgan. Arizada «tuni bilan ayrim axloqi buzuq shaxslar aholi tinchligini buzayotgani va bu nafaqat kattalar balki yoshlarga ham salbiy ta’sir qilayotganini bayon qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish» so‘ralgan.

Ushbu murojaatga asosan 2 oktabr kuni IIBB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida, murojaatda ko‘rsatilgan dala hovli ko‘zdan kechirilgan. O‘sha vaqtda ham xonadonda ikki nafar ayol, ikki nafar erkak kishilar borligi, ulardan, fuqaro F.B. (ayol) va D.Sh. (erkak) jinsiy aloqada bo‘layotganligi aniqlangan, deyiladi xabarda.

«Ular bilan o‘tkazilgan suhbat davomida alkogol mahsulotlar iste’mol qilishganligi va ishqiy munosabatda bo‘lish maqsadida kelganliklarini ma’lum qilganlar», — deya qayd etdi IIBB.

Xabarda hozirda mazkur jarayon aks etgan video tasvirning ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zaro yozishmalar orqali tarqalganligi holati yuzasidan qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilayotgani ta’kidlangan.

Boshqarmaning qayd etishicha, bu kabi odob-axloq bilan bog‘liq qonun buzilishi holatlariga qarshi viloyat IIBB tomonidan muntazam ravishda tezkor profilaktik tadbirlar o‘tkazib boriladi. Jumladan, joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida IIBB xodimlari tomonidan Jinoyat kodeksining 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) bilan bog‘liq 100 ga yaqin, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 190-moddasi (fohishalik bilan shug‘ullanish) bo‘yicha 50 dan oshiq holatlar aniqlangan.

«Hammasi uchun javob berasiz hali»

16 noyabr kuni Feruza Babasheva materiallar ijtimoiy tarmoqlarga tarqalganiga munosabat bildirdi. U Toshkent viloyati IIBB xodimi Ziyodulla Rahimov «hammasi uchun javob berishini» ma’lum qildi.

«Nurafshondagi qiliqlaringiz, namunali uylardagi Milliy gvardiya xodimlari oldidagi kayf xolatizdagi qiliqlaringizni ko‘rgan, bilganlar o‘lgani yo‘q hali! Barmog‘imni sindirib, tirnog‘imni sug‘urib olib, meni nimalarnidur yozishga majbur qilganlaring uchun javob berasanlar xali! Endi nima bilan qo‘rqitasanlar? Shunaqa shantajlaring borligini endi hamma biladi. 5 ta erkak, mani zo‘rlab nimalarni yozdirmoqchi bo‘lganingni ertaga aytaman», — deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

Toshkent viloyati IIBB xabariga javoban, u bir qator savollar bilan murojaat qildi:

  1. Xo‘p, 2 oktabr kuni bo‘lgan holat bo‘lsa, nima uchun shu paytgacha chiqarishmadi bu tayyorlangan videoni, nimani kutdingiz — saylov o‘tishinimi?
  2. Nima uchun yonimdagi qolganlarni videoga olmagansiz?
  3. Nima uchun arizachi biron marta chaqirilmadi, kimligi endi ma’lum bo‘ldimi?
  4. Nima uchun dala hovli egasi chaqirilmadi o‘sha kuni ham, keyin ham?
  5. Nima uchun o‘sha kuni ham, keyin ham hududiy profilaktika inspektori chaqirilmadi?
  6. Nima uchun hammani ketkizvorib, barmog‘imni sindirishdi va menga nisbatan zo‘ravonlik qilishdi?
  7. Nima uchun jim yuraman, degan tushuntirish xati, kafolat xati yozdirmoqchi bo‘lishdi?
  8. Nima uchun o‘sha yerda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir qilishimga ruxsat berishmadi, umuman telefondan foydalanishimga ruxsat berishmadi?
  9. Nima uchun Bo‘stonliq tuman IIB boshlig‘ining bu uyushtirilgan jinoyatdan mutlaqo xabari yo‘q edi?
  10. Nima uchun meni ekspertiza qilishmadi o‘sha kuni va qayta-qayta Toshkent viloyat IIBBga olib borishlarini so‘raganimda olib borishmadi?
  11. Nima uchun men advokatimni, yuristimni va jurnalist, bloger do‘stlarimni chaqirganimda qochib ketishdi?
  12. Nima uchun faqat meni olib qolib, yonimga hech kimni kiritmay, zo‘ravonlik qilishdi, 3 soatlab meni xonaga qamab, o‘zlarining yo‘rig‘iga yurgizmoqchi bo‘lishdi?
  13. Bu video qayerdan chiqdi, nima uchun chiqdi, nega montaj qilindi?
  14. Toshkent viloyatidagi yoki undan yuqori turuvchi rahbarlarda menga nisbatan qanday alamzadalik bor edi?
  15. Shaxsan o‘zimda ham bir qancha mutasaddilarning video, audiolari bor va nima uchun men ayol bo‘lib ularnikini chiqarmayman-da, ular «erkak» bo‘lib, davlat organida ishlab shunday montajli videolarni chiqarib vijdonsizlik qilishadi?

Keyinroq u: «Men farishta emasman, meni qanotim yo‘q, men buni qayta-qayta ta’kidlaganman… Lekin bu insofsiz, pastkash organ xodimlarini, mutasaddi rahbarlarni albatta qonun oldida javob berishlarini talab qilaman! Hammasi uchun javob berasiz! O‘zingizning jirkanj ishlaringiz bilan meni yengga olmaysiz!» — deb yozdi.

Deputat o‘zini qo‘llab-quvvatlayotgan xalqdan kechirim so‘radi.

Toshkent viloyati IIBB matbuot kotibi Bobur To‘laganov Feruza Babashevaning savollariga javob berar ekan, qarshi savollar bilan yuzlandi:

  1. Xo‘p 2 oktabr kuni bo‘lgan holat bo‘lsa, nima uchun shu paytgacha murojaat qilmadingiz, nimani kutdingiz, yalpi majlisnimi?
  2. Nima uchun dala hovli egasi kim ekanligini aytmadingiz, o‘sha kuni ham, keyin ham?
  3. Nima uchun barmog‘ingizni sindirishgani haqida jar solmadingiz, menga nisbatan zo‘ravonlik qilishdi deb xabar bermadingiz?
  4. Nima uchun tan jarohati olgan bo‘lsangiz o‘zingiz ekspertizadan o‘tmadingiz, bu haqida SUDga yoki boshqa yuqori turuvchi organlarga murojaat qilmadingiz?
  5. Nima uchun advokatingizni, yuristingizni va jurnalist, bloger do‘stlaringizni chaqirganingizda bu haqida ijtimoiy tarmoqlarga chiqish qilmadingiz?
  6. Bu videoni tarqatganlikda ayblab, suratini joylashtirganingiz Ziyod Rahimov, aynan u tarqatib yuborganligi haqida taxminlardan boshqa biror faktingiz bormi?
  7. Toshkent viloyatidagi yoki undan yuqori turuvchi rahbarlarda sizga nisbatan nima borligini men qayerdan bilaman?
  8. Shaxsan o‘zingizda bo‘lgan bir qancha mutasaddilarning video, audiolarini chiqarishingizga men qarshilik qilganmidim?
  9. Sizni yomon otliq qiyofasida namoyon bo‘lishingizga birinchi aybdor kim?
  10. Sizning oldingizda o‘zimni oqlashni haqorat deb hisoblayman.

XDPning munosabati

Xalq demokratik partiyasi ham deputat bilan bog‘liq voqealarga o‘z munosabatini bildirdi. XDPning ta’kidlashicha, «har qanday huquqbuzarlikka qonuniy va qat’iy chora ko‘rilishi zarur».

«Insonning sha’ni, qadr-qimmati daxlsizdir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning qat’iy talabi shunday. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, xalq deputatlari O‘rta Chirchiq tuman Kengashi deputati Feruza Babasheva bilan bog‘liq holatga qonunchilikka to‘liq muvofiq tartibda baho berilishi zarur», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 27-moddasiga ko‘ra, har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.

«Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas», — deyiladi partiya bayonotida.

XDP Jinoyat kodeksining 141−1 moddasida shaxsiy hayot daxlsizligini buzish bilan bog‘liq harakatlar bo‘yicha jazo choralari belgilanganini eslatib o‘tdi.

Xalq demokratik partiyasi ushbu holat bo‘yicha tegishli organlar huquqiy munosabat bildirgunicha turli fikrlar bildirishdan tiyilib turishni so‘radi.

Partiyadan tashqari boshqa deputatlar, blogerlar, jamoat tashkilotlari vakillari ham Feruza Babashevani himoya qilib chiqdi.