Ijtimoiy tarmoqlarda Zarafshonda oltin qazish niyatida bo‘lgan 40−50 kishini qum bosib qolgani haqida xabarlar tarqaldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat yuzasidan bergan dastlabki munosabatida Navoiy viloyati FVBga ushbu hodisa yuzasidan xabar kelib tushmaganini ma’lum qildi.

Vazirlik keyinroq holat haqida to‘liqroq ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, holat yuzasidan dastlabki surishtiruv davomida 40−50 kishining qum bosib qolganligiga oid ma’lumot o‘z isbotini topmadi.

Aslida 13 noyabr kuni soat taxminan 22:00 larda Konimex tumani “Karakata” OFY hududida joylashgan Lolazor nomli cho‘l hududida bir guruh fuqaro tuproq tarkibidan tilla qumlarini kavlab olish bilan shug‘ullangan va kutilmaganda qum ostida qolgan. Oqibatda 4 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumgan.

Surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Iyun oyida Navoiy viloyatida noqonuniy ravishda tilla qumlarini qazib olish bilan shug‘ullangan to‘rt kishi “elektrodvijok"dan chiqqan yoqilg‘i tutunidan zaharlanib, vafot etganligi haqida xabar berilgan edi. Yana uch nafar fuqaro shifoxonaga yotqizilgandi.