O‘zbekistonning IT Queens jamoasi AI Journey 2021 xalqaro konferensiyasiga bag‘ishlangan tanlov nominatsiyalaridan birida g‘olib chiqdi, deb xabar berdi Spot IT Park matbuot xizmati ma’lumotlariga tayanib.

Jamoa a’zolari — Yuliana Lutsenko, Anastasiya Koroleva, Lana Nasrulina, Kseniya va Anastasiya Badyan 2 hafta ichida sun’iy intellekt sohasida loyiha ishlab chiqishdi. Ularning ishlanmasi 99% aniqlik bilan dipfeyk materiallarni aniqlay oladi.

Loyiha O‘zbekiston ishlab chiquvchilari tomonidan taqdim etilgan 500 dan ortiq ishlanmalar ichida eng yaxshisi deb topilgan. IT Queens jamoasi Data Lady nominatsiyasida g‘olib sifatida tanlovning xalqaro bosqichiga chiqqan.

Tadbir ishtirokchilari orasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham bo‘lgan. Rossiya rahbari bunday ishlanmalar yordamida odamlar uchun foydali bo‘lgan «qiziqarli, chiroyli, ommabop» mahsulotlar yaratish mumkinligini ta’kidladi.

«Eng muhimi, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar yordamida siz odamlarning huquqlari zamonaviy texnologiyalar orqali buzilgan taqdirda ularning manfaatlarini himoya qilish yo‘llarini topayapsiz», — deb ta’kidladi Putin.

Spot aniqlik kiritishicha, dipfeyk (deepfake) - bu insonning haqiqiy fotosurati yoki videosi asosida sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan sintezlangan tasvir. Mazkur texnologiya shaxsni shantaj qilish, obro‘sizlantirish yoki aldash uchun ko‘proq foydalaniladi.