Qochqinlar, ko‘chirilganlar va boshpana izlovchilar soni 84 mldan oshdi. Odamlar mojarolar, zo‘ravonliklar, iqlim o‘zgarishi oqibatlari va ta’qiblar tufayli uylarini tashlab ketishmoqda. Bu haqda BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasining yangi hisobotida aytilmoqda.

2021 yilning birinchi olti oyida dunyo bo‘ylab ko‘chirilganlar soni 82,4 milliondan 84 milliongacha oshgan. Ular orasida 21 million qochqin, 51 millionga yaqin ichki hududlarda ko‘chirilganlar, 4,4 million boshpana izlovchilar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bor.

«Xalqaro hamjamiyat odamlarni uylarini tashlab ketishga majbur qiladigan zo‘ravonlik, ta’qib va inson huquqlari buzilishining oldini ololmayapti», — deya ta’kidladi BMTning qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholining ko‘chishi bilan bog‘liq vaziyat iqlim o‘zgarishi oqibatlari tufayli yanada og‘irlashmoqda.

Hisobotga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida ichki hududlarda ko‘chirilganlar soni 48,6 milliondan 50,9 millionga ko‘paygan. Bu o‘sish, birinchi navbatda, mojarolar va zo‘ravonliklar tufayli sodir bo‘lgan.

Yilning birinchi yarmida ichki hududda ko‘chirilganlar soni ortgan mamlakatlar qatorida hisobot mualliflari Afg‘oniston, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Mozambik, Myanma va Janubiy Sudanni keltirgan.

Qochqinlar soni 2021 yil iyun oyi oxirida 20,8 million kishini tashkil etgan, bu o‘tgan yil oxiriga nisbatan 172 ming kishiga ko‘p. 2021 yilda qochqinlar sonining ko‘payishiga birinchi navbatda beshta davlat — Markaziy Afrika Respublikasi, Janubiy Sudan, Suriya, Afg‘oniston va Nigeriyani tark etgan rezidentlar sabab bo‘lgani aytilgan.

Hisobotda aytilishicha, qochqinlarning aksariyatini hali ham 6,6 million kishidan iborat Suriya fuqarolari tashkil etmoqda. Ulardan keyin qochqinlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni venesuelaliklar egallab turibdi, ularning soni 3,7 millionni, Afg‘oniston fuqarolari esa 2,7 millionni tashkil etadi.

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, qurolli to‘qnashuvlar, COVID-19 pandemiyasi, qashshoqlik, oziq-ovqat muammolari va iqlimdagi favqulodda vaziyatlar ko‘chirilgan odamlarning ahvolini yanada kuchaytirmoqda. Bugungi kunda qochqinlarning aksariyati past yoki o‘rta daromadli mamlakatlarda yashaydi.

Ma’lumotga ko‘ra, eng ko‘p qochqinlarni qabul qiladigan davlat Turkiya hisoblanadi. Mamlakat hududida 3,7 million qochqin bor. Undan keyin Kolumbiya, Uganda, Pokiston va Germaniya turadi.

BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi rahbari xalqaro hamjamiyat tinchlikni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishi, shuningdek, qochqinlar va ularni qabul qiluvchi jamoalarga yordam berish uchun ko‘proq mablag‘ ajratishi kerakligini ta’kidladi.