Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreisus Berlindagi Butunjahon sog‘liqni saqlash konferensiyasi ochilishida so‘zlagan nutqida insoniyat koronavirus pandemiyasini yengib o‘tishining uchta asosiy shartini sanab o‘tdi, deya xabar qilmoqda «Korrespondent.net» nashri.

Gebreisusning so‘zlariga ko‘ra, quyidagi shartlar bajarilgan holda, vaksinatsiya yordamida COVID-19 pandemiyasini yengib o‘tish mumkin bo‘ladi:

  • COVAX mexanizmi bo‘yicha vaksina yetkazib berish ustuvor vazifaga aylansa;
  • G20 davlatlari vaksinani tarqatish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarsa;
  • vaksinani ishlab chiquvchilar intellektual mulk huquqlarini bekor qilib, texnologiya va litsenziyalar bilan bo‘lishsalar.

Shuningdek, nashrning yozishicha, sog‘liqni saqlash tizimiga ortiqcha yuklanish holati bo‘lmasa, JSST koronavirus pandemiyasi tugaganligini e’lon qilishi mumkin. Bu haqda JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge La Vanguardia nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

«Biz virus bilan yashashni o‘rganishimiz kerak. COVID-19 bemorlari gospitalizatsiyasi va o‘limi sababli Sog‘liqni saqlash tizimiga ortiqcha yuklanish bo‘lmasa, ya’ni ilgari ko‘rsatilgan xizmatlarni ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lsak, pandemiya endemik bo‘lib qolishi mumkin», — deya ta’kidlagan Klyuge.