Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyev AOKAda o‘tgan brifingda uyushmalar faoliyati yuzasidan hisobot berdi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan davrda kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning 38 mingdan ortiq murojaati ko‘rib chiqilgandi. Xodimlar huquq va manfaatlarining poymol etilishi borasida aniqlangan faktlar bo‘yicha ish beruvchilarga 3 mingdan ortiq taqdimnoma, sudlarga 800 ga yaqin da’vo arizasi kiritilgan.

Natijada 14 mingga yaqin xodimning mehnat huquqlari tiklanib, ular foydasiga 13,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berildi. Xodimlar mehnatini muhofaza qilish maqsadida 16 mingga yaqin korxona va tashkilot faoliyati o‘rganilib, aniqlangan 61 mingdan ortiq kamchiliklar bartaraf etilishi ta’minlandi.

4 mingta korxona va tashkilotda ish o‘rinlari attestatsiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijasida 1320 ta korxonada 60 mingga yaqin ish o‘rni attestatsiyadan o‘tkazildi.

Shuningdek, o‘tgan davrda kasaba uyushmalari ishtirokida tuzilgan tarmoq kelishuvlari soni 95 tadan 110 taga ortdi. Qariyb 110 mingta jamoa shartnomasi amal qilayotgani holda, ular orqali 4 mln 372 mingdan ortiq mehnatkash qamrab olindi.

Jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun respublika bo‘yicha o‘rta hisobda 1 nafar xodimga yil davomida sarflangan mablag‘ miqdori 1,5 mln so‘mdan 5 mln 62 ming so‘mgacha oshdi.

Shuningdek, 9 oy davomida jamoa shartnomalari orqali 173 mingdan ortiq fuqaroga va qariyb 49 ming oilaga 117 mlrd 439 mln so‘mlik ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatildi.

«Ayollar daftari» tizimi orqali o‘tgan davr mobaynida kasaba uyushmalari tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar, hokimliklar bilan hamkorlikda 6,5 milliondan ortiq xotin-qiz bilan muloqotlar o‘tkazilib, ulardan 900 ming nafar xotin-qizlarning muammolari ijobiy hal etildi.

Ayollarni qo‘llab-quvvatlash va muammolarini hal etish maqsadlariga davlat tomonidan 1 trln 951 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.