6 noyabr kuni Navoiyda avtohalokat oqibatida 8 kishi halok bo‘lgani, ularning 3 nafari Xalq bankining Nurota filiali xodimlari ekani aytilayotgani haqida xabar berilgan edi.

“Xalq banki” matbuot xizmati marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Amaliyotchi yurist Saidali Muxtoraliyevning yozishicha, “marhumlar yuqori turuvchi rahbarlar bergan topshiriqlarni bajarish uchun dam olish kunida ishga chiqishga majbur bo‘lgan degan ma’lumot kelmoqda”.

“Insayderlarga ko‘ra, shanba kuni ertalabdan viloyat filialidagi norasmiy yig‘ilishga chaqirilgan. Lekin, o‘rtada biror-bir rasmiy xat yoki dam olish kuni ishga chiqish va mehnat majburiyatlari bilan shug‘ullanish haqida buyruq yoki qaror bo‘lmagan”, — deb yozadi u.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu holat yuzasidan Navoiy viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish ishlari boshlandi.

Natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi aytildi.

Eslatib o‘tamiz, voqea Navoiy-Nurota yo‘lida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan ikki Nexia avtomobillari to‘qnashishi oqibatida sodir bo‘lgan. Mashinalarning bittasi yo‘l chetiga ag‘darilgan, ikkinchisi esa yonib ketgan.