Rossiya diplomati Berlindagi elchixona derazalari ostidan o‘lik holda topildi

Rossiyalik diplomatning jasadi Berlindagi elchixona konsullik bo‘limi binosi yonidan topildi, deb yozadi Germaniyaning huquq-tartibot idoralariga tayanib Spiegel nashri.

Shuningdek, marhumning 35 yoshli erkak ekani, 2019 yil yozida Berlindagi elchixonaning ikkinchi kotibi sifatida akkreditatsiyadan o‘tgani aytilmoqda. Ma’lum qilinishicha, u binoning yuqori qavatidan tushib ketgan bo‘lishi mumkin. Marhumning FSB (Federal xavfsizlik xizmati) bilan aloqasi bo‘lgan. Diplomatning jasadi Rossiyaga yetkazilgan.


Bayden ma’muriyati Saudiya Arabistoniga 650 million dollarlik qurol sotishni ma’qulladi

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Saudiya Arabistoniga 650 million dollarlik qurol sotish bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi, deb yozadi Interfaks.

2018 yil oxirida AQSh Senati Saudiya Arabistonini Yamandagi harbiy mojaroda qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘limi uchun javobgarligi to‘g‘risidagi rezolyutsiyalarni ma’qullagan edi.

AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish to‘g‘risidagi rezolyutsiyaga veto qo‘ygan va valiahd shahzoda Qoshiqchining o‘ldirilishida ishtirok etgani ma’lum bo‘lgandan keyin ham unga qurol sotishda davom etgan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken fevral oyida Bayden Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik Amerika qadriyatlarini aks ettirishi kerakligini aytganiga ishora qilgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashington «Saudiya Arabistonining faollar, dissidentlar va jurnalistlarga qarshi hududdan tashqaridagi tahdidlari va hujumlariga chek qo‘yish» zarurligini e’lon qilgan va AQSh bunga toqat qilolmasligini ma’lum qilgan.

Xuddi shu oyda Bayden Saudiya Arabistonining Yamandagi hujumini qo‘llab-quvvatlashini rasman tugatdi. Ayni paytda esa Vashington Ar-Riyodni mintaqadagi muhim ittifoqchi sifatida ko‘rmoqda — Interfaks.


Ozarbayjon Qorabog‘dagi urushda halok bo‘lganlarning 1,7 mingga yaqin jasadini Armanistonga yubordi

Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov juma kuni Qorabog‘dagi jangovar harakatlar yakunlanganidan keyin Boku 1700 ga yaqin halok bo‘lgan harbiylarning jasadini Armanistonga topshirganini ma’lum qildi. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.

«Hozirgi kunga qadar 1700 ga yaqin halok bo‘lgan arman harbiylarining jasadi topildi va topshirildi», — dedi Bayramov Bokuda bo‘lib o‘tgan «G‘alaba sari 44 kunlik yo‘l» anjumanida. «Shu bilan birga, birinchi Qorabog‘ urushi paytida bedarak yo‘qolgan 4 ming Ozarbayjon fuqarosining taqdiri haqida haligacha hech narsa bilmaymiz», — deya qo‘shimcha qildi u.


Xitoy Suriyaga mamlakatni tiklashda yordam berishda davom etadi

Xitoy hukumati Suriyaga mamlakatni tiklash va COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda yordam berishda davom etish niyatida. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin juma kuni Suriya prezidenti Bashar al-Assad bilan telefon orqali muloqotda aytgan.

«Xitoy Suriya tomoniga COVID-19 ga qarshi kurashda yordam ko‘rsatishda davom etadi, shuningdek, mamlakatni tiklanish va rivojlanishini tiklashda qo‘llab-quvvatlaydi», — deya ta’kidlagan Si Szinpin.

«Xitoy Suriya tomonining davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va milliy qadr-qimmatini himoya qilish bo‘yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda tashqi kuchlarning Suriya ichki ishlariga aralashish urinishlariga qat’iy qarshi chiqadi», — dedi Si Szinpin.

Bunga javoban Suriya rahbari Xitoyga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi va Damashq xitoylik investorlarning mamlakatni qayta qurishda ishtirok etishini olqishlashini aytgan — TASS.


AQSh davlat departamenti DarkSide xakerlar guruhi haqidagi ma’lumot uchun 10 mln dollargacha mukofot va’da qildi

AQSh Davlat departamenti DarkSide xakerlar guruhining asosiy a’zolarining shaxsi va yashash joyini aniqlashga yordam beradigan ma’lumot uchun 10 mln dollargacha mukofot va’da qildi. Bundan tashqari, Davlat departamenti ushbu guruh operatsiyalarida qatnashmoqchi bo‘lgan har qanday mamlakat fuqarolariga hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 5 mln dollargacha mukofot va’da qilmoqda.

Qo‘shma Shtatlar shu yil boshida Amerika Colonial Pipeline yoqilg‘i liniyasiga qilingan xakerlik hujumida DarkSide’ning aloqasi bor deb hisoblamoqda. Ushbu hujum AQShning ko‘plab hududlarida yoqilg‘i tanqisligiga sabab bo‘lgan — Interfaks.


Ukraina prezidenti oligarxlar to‘g‘risida qonunni imzoladi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy oligarxlar to‘g‘risidagi qonunni imzolaganini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, mol-mulki yashash minimumidan (2,19 milliard grvn yoki qariyb 900 mlrd so‘mdan) ortiq bo‘lgan fuqarolarning mamlakat siyosiy hayotiga ta’siri cheklanadi. Hujjat hali rasman e’lon qilinmagan.

«Men yirik biznes va siyosatchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tubdan o‘zgartiruvchi oligarxiyaga qarshi qonunni imzoladim. Endi barcha iqtisodiy ishtirokchilar qonun oldida teng bo‘ladi va o‘zlari uchun siyosiy imtiyozlarni sotib ololmaydilar. Biz qonunni buzishingizga ruxsat bermaymiz!» — deb yozdi prezident o‘zining Twitter sahifasida.

sentabr oyi oxirida Ukraina Oliy Radasi oligarxlar faoliyatini cheklovchi qonun loyihasini qabul qildi. Hujjatni qabul qilish tashabbusi Zelenskiy tomonidan ilgari surilgan. Qonunning mazmun-mohiyati «oligarx» tushunchasini qonuniylashtirish, ushbu tushunchaga kiruvchi shaxslarga nisbatan bir qator taqiqlar kiritish va ularni buzganlik uchun jazo choralarini belgilashdan iborat — Kommersant’.