Venetsiyada bo‘lib o‘tayotgan 17-xalqaro arxitektura biyennalesida O‘zbekistonning «Mahalla: shahar va qishloq hayoti» nomli birinchi milliy paviloni taqdim etildi. Ko‘rgazma 22 may kuni ochilgan va 21 noyabr kuni yakunlanadi.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi milliy pavilon kuratorlari sifatida shveysariyalik arxitektor va tadqiqotchilar Emanuel Krist va Kristofer Gantenbeynni jalb etdi.

Mutaxassislar Toshkentning 10 dan ortiq tarixiy va zamonaviy mahallarini, shu jumladan, «Xast-Imom», «Qo‘shtut», «Guzarboshi», «Eski shahar», «Achobod» va boshqalarni tahlil qilib chiqishgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zamonaviy dunyo me’morlari nafaqat qurilish texnologiyalari, balki barqaror rivojlanish va ekologiya масалаларига ham e’tibor qaratishadi. Shaharsozlar barcha madaniyatlar va jinslar uchun inklyuziv bo‘shliqlarni loyihalashtirish uchun yechimlar topishga harakat qilishmoqda. Mahallalarning past qavatli qurilishlari — shu kabi qarorlardan biri, chunki baland binolar har bir insonni jamiyatdan uzoqlashtiradi. Agar birinchisi bolalarni ko‘chaga o‘ynashga qo‘yib yuborishda kamroq tashvishlanishga va qo‘shnilarga ko‘proq ishonishga imkon bersa, ikkinchisi o‘zaro aloqalarni butunlay uzib tashlaydi.

Emanuel Kristning fikricha, an’anaviy o‘zbek mahallasining eng ajoyib xususiyatlaridan biri, bu — har bir xonadonda zich binolar va ko‘p sonli odamlar yashashiga qaramasdan, hovlining mavjudligidir. Bu zamonaviy me’morlar va shaharsozlar izlayotgan savolning javobi, G‘arb dunyosiga noma’lum bo‘lgan — shahar fermerligining namunasidir.

«Tabiatning mavjudligi, uy-joyga integratsiya qilingan erkin muhit — mahalla mikrorejasining ham shaharga, ham qishloqqa xos bo‘lgan urbanistik xususiyatlari kombinatsiyasidir», — dedi Emanuel Krist.


Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Hovli joylashuvi mahalliy aholiga megapolis tarkibida, biroq o‘zining uyida turli xil qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga imkon beradi va shu orqali o‘zini qisman oziq-ovqat bilan ham ta’minlaydi.

Qayd etish joiz, yerga yaqinlik ko‘pincha keksa odamlarning yolg‘izlik masalasini hal qiladi va katta avlod vakillarini bolalar bilan yaqinlashtiradi.

Bu ko‘p xonadonli uy-joy bilan bog‘liq muammo, chunki mahallalarda odamlar an’anaga ko‘ra kattaroq oilalar davrasida istiqomat qiladi.

Ekspetlar bog‘, hovli va yerdan qazib olingan qurilish materiallaridan xom-ashyo sifatida foydalanishni ekologik jihatdan qulay deb hisoblaydi.

Mahallaning boshqa me’moriy xususiyatlari qatorida Emanuel Krist binolarning joylashuvida iqlimiy xususiyatlar va shamol yo‘nalishi hisobga olinganini qayd etdi.

Hududlarga qarab ushbu yondoshuvlar ham o‘zgaradi. Toshkent mahallalarining me’moriy tuzilishi Xiva va Buxoro mavzelaridan farq qiladi.

Emanuel Kristning ta’kidlashicha, mahallaning fenomenalligi nafaqat me’moriy yechimlarda, balki mahallaning ma’muriy birligida ham namoyon bo‘ladi. Turli maqsadlar uchun binolar (ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar, bozorlar va savdo markazlari) va turli davrlar (XIX asr oxiridan bugungi kungacha) mahallalar nomlari bilan umumlashtirilgan.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi rahbari Gayana Umerova 26 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan mahallaning kelajagi haqidagi davra suhbatida fondning asosiy vazifasi — mahalliy aholi turmush sharoitini yaxshilash va ushbu mahallalarni saqlab qolish ekanligini ta’kidladi.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.

Moliyaviy imkoniyat paydo bo‘lganda Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarning tarixiy turar-joylari mahalliy aholisi uy-joy me’morchiligiga sezilarli o‘zgartirishlar kiritmoqda. Bir tomondan me’moriy meros yo‘qoladi, boshqa tomondan esa odamlar hayot sharoitlarini yaxshilashmoqda.

«Biz ushbu qonunbuzarliklar haqida bilamiz, — dedi Gayane Umerova. — Biroq bugungi kunda biz uchun to‘xtab, kelgusida qanday harakatlanishni tushunib olish muhim… Bu muammo bilan bizni boshimiz qotgan».

«Madaniyatga chorlovchi tashkilot sifatida biz uchun ham, hokimliklar uchun ham ushbu hududlarda odamlar yashashini davom ettirishi muhimdir. Bu katta bahs-munozara. Shu bilan birga, bizning jamoamiz — me’morlar, tarixchilar — biz bunga birgalikdagi harakatlarimiz bilan qanday qilib erishishimiz mumkinligiga yo‘l ko‘rsatadi», — dedi u.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Gayane Umerova mahalla arxitekturasi, bu — O‘zbekiston merosining bir qismi ekanligini ta’kidladi. Mamlakatning mehmondo‘stligi ramzi hisoblanmish mahalliy aholisiz bu meros yo‘qotiladi. Shuning uchun ham odamlar mahallalarda yashashni davom ettirishi juda muhim.

«Mahallada istiqomat qiluvchi odamlar har kuni kanalizatsiya muammolariga duch kelishadi va shuning uchun ham u yerda yashashni istashmaydi. Agar biz ularga zarur sharoitlarni yaratib bersak, ular o‘zlarining ajdodlariga qarashli uylarida yashashni xohlashadi», — deya ta’kidladi jamg‘arma rahbari.