Markaziy bank boshqaruvi «Pul-kredit siyosatining 2022 yil va 2023−2024 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari»ning dastlabki konseptual loyihasini tasdiqladi.

Mazkur hujjatni ishlab chiqishda, birinchi navbatda, iqtisodiyotda narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiya darajasini 2023 yil yakuniga qadar 5 foizgacha pasaytirish maqsadlaridan kelib chiqilgan.

MBning qayd etishicha, tashqi va ichki sharoitlarning kelgusidagi o‘zgarishi bo‘yicha hali ham yuqori noaniqliklar saqlanib qolayotganligini inobatga olib, o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlarni ishlab chiqishda ikki xil ssenariy asosidagi rivojlanish kutilmalariga tayanildi. Bunda, tashqi va ichki omillarning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sir ko‘lami va davomiyligini inobatga olib o‘rta muddatli makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy va muqobil ssenariylari ishlab chiqildi.

Jahonda vaksinatsiyalash jarayonining borishi rivojlangan davlatlar bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’atlarining tezroq tiklanishi, rivojlanayotgan davlatlarda esa nisbatan sustroq tiklanishini belgilovchi asosiy omillardan bo‘layotgan sharoitda ssenariylar shartlarini belgilashda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhim omil sifatida qaraldi.

Shuningdek, bu yilgi hisob-kitoblarda iqlim o‘zgarishlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari taklifi, moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari, amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan islohotlar va ularning kutilayotgan natijalari shartli omillar sifatida inobatga olindi.

Asosiy ssenariy

Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysiда tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi kutilayotgan bo‘lib, keskin tashqi xatarlar yuzaga kelishi ko‘zda tutilmaydi. Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat normallashib, inson resurslari migratsiyasi va transchegaraviy harakatlar bo‘yicha cheklovlar joriy etilmaydi.

Mazkur ssenariyga ko‘ra, iqtisodiy faollik yuqori sur’atlarda jadallashib borib, investitsion va iste’mol talabi pandemiyagacha bo‘lgan darajaga to‘liq tiklanadi.

MBning ushbu ssenariy bo‘yicha hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda yalpi ichki mahsulot o‘zining potensial darajasiga yetadi va iqtisodiy o‘sishning real sur’atlari 5,5−6,5 foizni, 2023−2024-yillarda esa qariyb 6 foizni tashkil etadi.

Asosiy ssenariyda xususiy mahalliy va xorijiy investitsiyalar hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi tarkibiy islohotlar iqtisodiy o‘sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida ko‘riladi.

Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash vazifalari bosqichma-bosqich fiskal konsolidatsiyani amalga oshirishni belgilab beradi va shu munosabat bilan 2023−2024 yillarda umumiy budjet taqchilligi 2−3 foizgacha kamayishi prognoz qilinmoqda.

Yuqoridagi omillar ta’siridan va tartibga solinadigan narxlarni liberallashtirish darajasidan kelib chiqqan holda, inflyatsiya 2022 yilda 8−9 foizni tashkil etishi, 2023−2024 yillarda esa 5 foizga tushishi kutilmoqda.

Muqobil ssenariy

Makroiqtisodiy rivojlanishning muqobil ssenariysi shartlari pandemiya bilan bog‘liq davom etayotgan keskin vaziyat va iqtisodiy faollikning sekinlashuvi natijasida tashqi iqtisodiy sharoitning noqulay shakllanishi kabi taxminlarga asoslanadi.

Ushbu ssenariyga ko‘ra, 2022 yilda YAIMning real o‘sishi 3−4 foizni tashkil qilishi mumkin. Vaziyatning normal bosqichga o‘tishi bilan 2023 yildan boshlab iqtisodiy faollik va yalpi talabning tiklanishi kuzatiladi va 2023 yilda YAIMning real o‘sishi 4,8−5,8 foizni, 2024 yilda esa 5,5−6 foizni tashkil etishi taxmin qilinmoqda.

Shu bilan birga, ichki iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022 yilda fiskal rag‘batlantirish davom ettiriladi va kutilayotgan budjet taqchilligi YAIMning taxminan 4−5 foizini tashkil etadi. Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash maqsadida 2023 yilda fiskal konsolidatsiya boshlanadi va 2023 yilda budjet taqchilligi 3−4 foizgacha, 2024 yilda esa YAIMning 2−2,5 foizigacha kamayishi prognoz qilinmoqda.

Muqobil ssenariy sharoitida makroiqtisodiy rivojlanishni shakllantirish tartibga solinadigan narxlarni liberallashtirishni kelgusi davrlarga қолдиришни taqozo etadi, deya qayd etadi Markaziy bank. Natijada, ushbu ssenariy sharoitida umumiy inflyatsiya darajasi 2022 yilda 7,5−8,5 foizni, 2023 yilda esa taxminan 5,6−6,6 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Yuqoridagi ssenariylarning har birida pul-kredit siyosatining asosiy maqsadi iqtisodiyotda narx-navo va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash hamda inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga (targetiga) erishishdir, deb ta’kidlaydi regulyator. Bunday holda, pul sharoitlarining qattiqligi darajasi ssenariylarga xos bo‘lgan vaziyatning shakllanishiga qarab belgilanadi.

Asosiy ssenariyda pul-kredit siyosatining nisbatan qat’iy sharoitlari saqlab qolinsa, muqobil ssenariyda esa pul-kredit sharoitlarini biroz yumshatish hamda narxlar barqarorligi va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilishi mumkin.

Kelgusi yillarda alohida ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan masala — bu inflyatsiyaning uzoq muddatli barqaror omillarini bartaraf etish masalasi hisoblanadi. Bu, birinchi navbatda, iste’mol bozorida raqobatni rivojlantirish, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, tovarlar importida konsentratsiyalashuv darajasini pasaytirish, hududlarda savdo va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish kabi choralarni amalga oshirishni taqozo etadi.

Ushbu tarkibiy islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi inflyatsiyaning target darajasiga yetganidan so‘ng pul-kredit sharoitlarini bosqichma-bosqich neytral shartlarga o‘tkazish imkonini beradi.