3 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi Effect.uz saytining sobiq bir va hozirgi ikki nafar jurnalistiga nisbatan ochilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi, deb xabar qildi Oliy sud matbuot xizmati.

Aprel oyida nashr muxbirlari qidiruvga berilgani va ular sirtdan hibsga olingani, ular hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish va tergovga yoki sud ishlarining hal qilinishiga xalaqit berganlikda sirtdan ayblangani haqida yozgan edik.

Nima sodir bo‘ldi?

Yanvar oyida nashr jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi binosidan muxbirlar Elyorbek Tadjibayev, Akbar Nurimbetov va Xamidjon Ahmedov ishtirokidagi ikkita videoni e’lon qilgan edi. Dastlabki ikki muxbir sud raisi Odil Begimqulov bilan ziddiyatga kirishib, boshqa da’vogarlar bilan birgalikda uning kabinetiga sud majlisidan oldin kirishgan. O‘sha majlisda katta miqdordagi firibgarlikda ayblangan Ikrom Xudoyarovga nisbatan hukm chiqarilishi kerak bo‘lgan.

Oliy sudning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy ish bo‘yicha to‘rt kishiga nisbatan ayblov e’lon qilingan:

  • E. Tadjibayev (1990 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, Effect.uz internet-nashri muxbiri bo‘lib ishlagan, hozirda Taftish.uz internet-nashri muxbiri bo‘lib ishlaydi);
  • A. Nurimbetov (1982 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan, Effect.uz internet-nashri muxbiri bo‘lib ishlaydi);
  • X. Axmedov (1987 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, Effect.uz internet-nashri muxbiri bo‘lib ishlaydi);
  • G. Xudoyarova (1977 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, yakka tartibdagi tadbirkor).

E. Tadjibayev Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi «a», «g» bandlari, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi va 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb e’tirof etilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan oqlandi. E. Tadjibayev Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi va 236-moddasi (tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) ga asosan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.

A. Nurimbetov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi «a», «g» bandlari, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi va 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb e’tirof etilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan oqlandi. A. Nurimbetov Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi va 236-moddasi (tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) asosan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

X. Axmedov Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb e’tirof etilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan oqlandi. X. Axmedov Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi va 236-moddasi (Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan 2 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

G. Xudoyarova Jinoyat kodeksining 140-moddasi (Haqorat qilish) 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb e’tirof etilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (Reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan oqlandi. G. Xudoyarova Jinoyat kodeksining 139-moddasi (Tuhmat) 3-qismi «a», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.