Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmati chorshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent aeroportida odamlar to‘plangani aks etgan videoyozuvlar bo‘yicha izoh berdi.

«Toshkent-Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha Uzbekistan Airways reysid uchish niyatida 200 ga yaqin kishi aeroportga keldi. Biroq bu reys jadvalda bo‘lmagan. Yo‘lovchilar chiptalarni Asia Luxe Travel orqali sotib olishganini ma’lum qilishdi», — deyiladi xabarda.

Uzbekistan Airways vakillarining ma’lum qilishicha, sayyohlik kompaniyasi aviachiptalar savdosini aviakompaniya bilan slotni (aeroportdagi parvoz uchun ajratilgan vaqt) kelishmagan holda tashkil qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, reys uchun 200 ga yaqin aviachipta sotilgan, deb xabar qildi Uzbekistan Airports.

Sayyohlik kompaniyasi yo‘lovchilarga suv tarqatdi va ularni mehmonxonaga jo‘natish uchun transport tashkil qildi. Biroq odamlar terminal binosini tark etishdan bosh tortdilar. O‘zbekiston Transport vazirligi tashabbusi bilan zaxira havo kemasi ajratilib, parvozga yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish boshlandi, deyiladi xabarda.

Uzbekistan Airways xabariga ko‘ra, 227 nafar yo‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan.

Asia Luxe Travel kompaniyasi izohi

«Istanbulga uchayotgan reys ruxsat beruvchi hujjatlarni olish jarayoni cho‘zilib ketgani sababli ushlanib qoldi», — deyiladi Asia Luxe Travel kompaniyasi izohida.

Turoperator mehmonxonalargacha bepul yetkazib qo‘yishni tashkil etdi, kompaniya vakillari suv tarqatdi, yo‘lovchilar uchun bepul tushlik tashkil etildi, deya qayd etdi kompaniya.

Istanbul samolyoti mahalliy vaqt bilan 20:30 da uchib ketdi. Barcha yo‘lovchilar reysdan joy oldi, deya qo‘shimcha qildi kompaniya.

«Noqulaylik uchun chin dildan uzr so‘raymiz», — deyiladi xabarda.