Kobulda shifoxonadagi portlashlarda 23 kishi halok bo‘ldi

Kobuldagi shifoxona binosiga bir guruh terrorchilar hujum qildi, u yerda portlashlar sodir bo‘ldi, «Tolibon» bilan to‘qnashuvlar davom etmoqda, deb xabar berdi RIA Novosti.

«Bir guruh xudkush-terrorchilar 400 o‘rinli kasalxonaga bostirib kirdi, to‘qnashuvlar davom etmoqda. Hujumchilar old eshikni portlatib yuborishdi», — deyiladi xabarda. O‘z navbatida, «Tolibon» vakili Bilol Karimiy seshanba kuni Kobulda ikkita portlash sodir bo‘lganini tasdiqlagan.

Kobuldagi shifoxonaga uyushtirilgan hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni 23 taga yetgan, jarohatlanganlar soni esa 50 dan ortiq. Xabarga ko‘ra, kasalxonaga to‘rt kishi hujum qilgan. Ulardan biri kirish eshik oldida o‘zini-o‘zi portlatib yuborgan, qolganlari «Tolibon» tomonidan yo‘q qilingan. Afg‘oniston Bakhtar agentligining xabar berishicha, hujum «Islom davlati» terrorchilik guruhi jangarilari tomonidan amalga oshirilgan — Ria Novosti.


Dunyo yetakchilari 2030 yilga qadar o‘rmonlarni kesmaslikka kelishib oldi

100 dan ortiq dunyo yetakchilari 2030 yilgacha o‘rmonlarni kesishni to‘xtatishga va’da berdi. Bu Glazgoda iqlim bo‘yicha sammitdagi birinchi yirik kelishuv, deb xabar berdi BBC.

Ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlagan davlatlar orasida Braziliya, Rossiya, Kanada, Kolumbiya, AQSh, Buyuk Britaniya va Indoneziya bor. Qayd etilishicha, dunyo o‘rmonlarining qariyb 85 foizi ushbu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shartnomaga ko‘ra, 20 mlrd dollar hozirgacha shikastlangan o‘rmon maydonlarini tiklash va o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashga yo‘naltiriladi. Shuningdek, 28 mamlakat hukumatlari qishloq xo‘jaligi, xususan, palma yog‘i, kakao va soya yetishtirish uchun o‘rmonlarni kesishni to‘xtatish majburiyatini oladi.

Xabarga ko‘ra, Indoneziya palma yog‘i eksporti bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi, uning ishlab chiqarilishi o‘rmonlarning vayron bo‘lishiga va mahalliy xalqlar yashaydigan hududlarning yo‘qolishiga olib kelmoqda. Rossiya o‘rmonlari sayyoradagi barcha daraxtlarning beshdan bir qismini tashkil qiladi, ular yiliga 1,5 milliard tonna karbonat angidridni o‘ziga yutadi. Dunyodagi eng katta tropik o‘rmonlar Braziliyadagi Amazon tropik o‘rmonlari hisoblanadi. Biroq ushbu o‘rmonlarda 2020 yilda rekord darajada yo‘qotishlar kuzatilgan — Interfaks.


Janubiy Sudanda AN-26yuk samolyoti quladi

Janubiy Sudan aeroporti rasmiysi seshanba kuni poytaxt Jubada yuk tashuvchi samolyotning qulashi oqibatida besh ekipaj a’zosi halok bo‘lganini aytdi. Optimum Aviation Ltd kompaniyasiga tegishli samolyot Juba xalqaro aeroportidan mamlakat shimolidagi Yuqori Nil shtatida joylashgan Maban okrugiga yo‘l olganida qulab tushgan. Halokat sabablari aniq emas, deb xabar berdi AP.

«Besh kishi, jumladan uchuvchi va ekipaj a’zolari halok bo‘ldi», dedi aeroport direktori Kur Kuol. Uning aytishicha, ikki nafar Rossiya fuqarosi va 3 nafar Janubiy Sudan fuqarosi halok bo‘lgan.


Iroq kelgusi yilda Saddam Husaynning bostirib kirgani uchun Quvaytga tovon puli to‘laydi

Kelgusi yilda Iroq hukumati 1990 yil avgustida Iroqning sobiq prezidenti Saddam Husayn qo‘shinlarining amirlikka bostirib kirgani uchun nihoyat Quvaytga tovon puli to‘laydi. Bu haqda seshanba kuni Iroq bosh vazirining moliyaviy maslahatchisi Mazhar Muhammad Solih ma’lum qildi.

«Keyingi yil boshida Bag‘dod 1990 yilda Iroqning qo‘shni amirlikka bostirib kirishi munosabati bilan BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan belgilangan Quvaytga to‘lovlarni to‘liq yakunlaydi», dedi Iroq hukumati rahbarining maslahatchisi. Solihning aytishicha, Iroq hukumati kompensatsiya dasturi doirasida oktabr oyi oxirida Quvaytga 490 million dollar o‘tkazgan. 629 million dollarga baholangan qolgan qismini Iroq bosh vazirining maslahatchisining so‘zlariga ko‘ra, Bag‘dod 2022 yil boshida to‘lamoqchi.

1991 yil mart oyida BMT Xavfsizlik Kengashi qarori bilan Iroq Quvaytga bostirib kirganidan keyin unga tovon puli talablarini ko‘rib chiqish uchun maxsus qo‘mita tuzildi. Ushbu qo‘mita qaroriga ko‘ra, Iroq xalqaro tashkilotlarga, shuningdek, Quvayt yuridik va jismoniy shaxslariga jami 52,4 milliard dollar to‘lashi kerak edi — TASS.


Zelenskiy Qrim va Donbass shaharlarini «Yevropa markazidagi ekobombalar» deb atadi

1994 yilgi Budapesht memorandumi bo‘yicha Ukrainaning xavfsizlik kafolatlari bajarilmagani oqibatida sayyora Yevropa markazida ikkita «ekologik bomba» — Qrim va Donbassning bir qismiga ega bo‘ldi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning bu boradagi bayonoti BMTning iqlim bo‘yicha Glazgodagi konferensiyasida e’lon qilingan, deb xabar beradi «RBK».

«Qrim yarim oroli o‘zining noyob flora va faunasi bilan Rossiyaning harbiy-dengiz bazasiga aylandi. Donbassning bir qismida esa — suvga to‘lgan shaxtalar, tuproq degradatsiyasi, ichimlik suvining yetishmasligi holatlari kuzatilmoqda. Bularning barchasi hozir sodir bo‘lyapti. Bu butun dunyo uchun umumiy tahdid. Bizning davrimizda qayerda sodir bo‘lishidan qat’i nazar, muammo hammaga ta’sir qiladi», — dedi Zelenskiy va Chernobil fojiasini esladi.

Zelenskiy, shuningdek, agar odamlar uni saqlab qolish uchun choralar ko‘rmasa, sayyoramizning kelajagi haqida fikrlarini bildirgan.

«Biz taslim bo‘lishimiz mumkin. Suv toshqinlari va yong‘inlar har hafta sodir bo‘ladi. Biz dengizda faqatgina kimyoviy himoya kiyimida suza olishimiz mumkin. Biz umrimizning qolgan qismini respiratorlarda o‘tkazamiz. Toza ichimlik suvi faqat dam olish kunlarida keladi. Zaharli bo‘lmagan tuproqda etishtirilgan mahsulotlar faqat yangi yil va maxsus bayramlar uchunngina mavjud bo‘ladi. Dunyoda o‘rtacha umr ko‘rish yoshi esa 25−30 yilni tashkil qiladi. Balki bu biz, insoniyat uchun, bu bizning sayyoramiz ekanligini unutganlar uchun adolatli jazo bo‘lar. Bu sayyora bizniki deydiganlar uchun — bu ayiqlar, yo‘lbarslar, pandalar, koalalar, kitlar, akulalar sayyorasi», — deya ta’kidladi Ukraina prezidenti.

«Nafaqat yangi texnologiya modellari bilan faxrlanish, nafaqat nimadir yaratayotganimiz, balki nimanidir tejayotganimiz bilan ham faxrlanishimz kerak», — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.