Amerika qoldirib ketgan qurol-yarog‘ va harbiy texnika nafaqat Afg‘oniston, balki butun dunyoga juda katta muammo tug‘dirishi mumkin. Bu haqda Rossiya Harbiy-texnik hamkorlik federal xizmati direktori Dmitriy Shugayev RBK nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Avvalroq, AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Amerika Afg‘onistonda 85 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ni tashlab ketganini ma’lum qilgandi.

Dmitriy Shugayev bu Rossiya xavfsizligi nuqtai nazaridan nimani anglatishi va Tojikistonni tish-tirnog‘igacha qurollantirish zaruriyati haqida o‘z fikrini bildirdi.

«Bu yerda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qaramlik yo‘q. Biz birinchidan, „Tolibon“ va umuman Afg‘oniston bilan jang qilmoqchi emasmiz. Amerikaliklar aqlbovar qilmas mablag‘ga teng qurol-yarog‘ va harbiy texnikani tashlab ketgani — bu nafaqat Afg‘oniston, balki butun dunyo uchun juda katta muammoga aylandi», — dedi u.

U Afg‘oniston hududida turli xil xalqaro terroristik tashkilotlar faoliyat yuritayotganini ta’kidlagan.

«Ushbu qurol ularning qo‘llariga tushib qolishi ehtimoldan holi emas, agar allaqachon qo‘lida bo‘lmasa. Bu esa ekstremistlarni bilvosita juda sezilarli masshtabda qurollantirish demakdir. Bundan tashqari, qurol-yarog‘lar noqonuniy bozorga ham tushib qolishi mumkin. Ya’ni, dunyoning istalgan nuqtasida paydo bo‘lib qolishi mumkin» — dedi Rossiya Harbiy-texnik hamkorlik federal xizmati rahbari.

Uning ta’kidlashicha, dunyoni juda «yoqimsiz syurpriz"lar ham kutayotgani ehtimoldan holi emas. «Ayniqsa, Qo‘shma Shtatlar u yerda hazilakam texnikalarni qoldirib ketmagan», — dedi Dmitriy Shugayev.

Avvalroq, Dmitriy Shugayev Rossiya O‘zbekistonga qiruvchi samolyotlar va zirhli transportlar yetkazib berganini ma’lum qilgani haqida yozgandik.