Prezident 29 oktabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni [O‘RQ-726-son] imzoladi.

Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46−2-moddasiga ham o‘zgartirish kiritildi.

Unga ko‘ra, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan Internetda fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotganda O‘zbekistonda joylashgan texnik vositalarda hamda shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik fuqarolarga BHMning 7 baravari (1 mln 890 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa 50 baravari (13 mln 500 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Amalda ushbu huquqbuzarlik uchun fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (810 ming so‘mdan 1 mln 350 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘mdan 2 mln 700 ming so‘mgacha) miqdorda jarima belgilangan.

Qonun bilan shuningdek, Jinoyat kodeksining 141−2-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, ushbu qilmish ma’muriy jazo qo‘llanilgandan so‘ng bir yil davomida takroran sodir etilgan taqdirda quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llaniladi:

  • BHMning 150 baravarigacha (40 mln 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima;
  • 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
  • 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida esa:

  • BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha (40 mln 500 ming so‘mdan 54 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;
  • 2 yildan 3 yilgacha ahloq tuzatish ishlari;
  • 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan cheklash;
  • 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Amalda esa mazkur jinoyat uchun BHMning 50 baravarigacha (13,5 mln so‘m) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. 141−2-moddaning ikkinchi qismida esa BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (13,5 mln so‘mdan 27 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Ushbu o‘zgartirishlar qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach amalga kiritiladi.