O‘zbekiston aholisining yetkazib berilgan issiqlik energiyasidan qarzi 2,1 trln so‘mga yetdi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Qurbon Tursunov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buning natijasida issiqlik ta’minoti korxonalarining gaz, elektr va sovuq suvdan qarzi — 2,5 trln so‘mni tashkil etmoqda.

Qarzlarni undirish ishlari doirasida 20 ta issiqlik ta’minoti korxonasi joylarga chiqib, aholiga tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Boshqa hollarda esa yozma ogohlantirishlar taqdim etilmoqda, sud organlariga murojaat qilinib, majburiy tartibda undirish choralari ko‘rilmoqda.

«Aholining to‘lov intizomiga amal qiladigan qismi 50−60 foizdan iborat. Qolgan 35−40 foiz aholiga shu kabi choralar ko‘rilmasa, to‘lovni undirish imkoniyati chegaralangan», — deya tushuntirdi vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 2020−2021 yilgi isitish mavsumidan boshlab issiqlik ta’minoti uchun to‘lovning yangi tartibi kuchga kirdi. Iste’molchilar bilan hisob-kitoblar isitish davrining bir kuni uchun isitiladigan maydonning 1 kvadrat metriga to‘lanadigan bo‘ldi. Qurbon Tursunovning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida barcha loyihalarda yetkazib berilayotgan issiqlik haroratiga qarab narxni hisoblaydigan elektron hisoblagichlar o‘rnatilishi, ya’ni harorat qancha yuqori bo‘lsa, tarif ham shuncha qimmat bo‘lishi rejalashtirilgan.

«Havo harorati pasayganda, isitish tizimi haroratini oshirishimiz kerak. Tabiiyki, bunda korxonalarning gaz iste’moli oshadi, lekin aholi tomonidan to‘lanadigan mablag‘ o‘zgarishsiz qolmoqda. Masalan, Toshkent shahrida 70 daraja issiq suv uchun to‘lov kuniga 148 so‘mni tashkil etadi. 60 va 50 daraja suv uchun ham xuddi shunday narx. Agar hisoblagich bo‘lsa, u holda [iste’molchi] yuqori harorat uchun ko‘proq pul to‘laydi. Agar isitish sovuq va sifatsiz bo‘lsa, unda kamroq. Sifatning quyi haroratini belgilovchi chegara ham mavjud», — deya ta’kidladi vazir o‘rinbosari Qurbon Tursunov.