Moliya vazirligi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Unga muvofiq, kodeksning 378-moddasida nazarda tutilgan soliq solinmaydigan daromad turlariga qo‘shimcha ravishda soliq to‘lovchining uy-joylarini talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlari ham kiritilmoqda.

Qolaversa, hujjat bilan Soliq kodeksining 421 moddasiga 5-band qo‘shish taklif qilinmoqda. Unda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar mulkidagi mol-mulk soliq solishdan ozod etilishi qayd qilingan. Mazkur imtiyoz yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga 18 yoshga to‘lgan yilda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ajratiladigan uy-joylar bo‘yicha ular 23 yoshga to‘lguniga qadar amal qiladi.

483-moddasida qayd etilgan vaqtinchalik soliq imtiyozlariga esa 2022 yil 1 yanvardan 2023 yil 1 yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlari uchun belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi BHMning 50 foizi miqdorida qo‘llanilishi kiritilmoqda.

Jamoatchilik muhokamalari 9 noyabrga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev talabalar uylarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi 129 ta OTMda 500 ming nafar talaba tahsil oladi, lekin ular yetarlicha yotoqxonalar bilan ta’minlanmagan. Toshkentda 13 foiz talabalar yashash joyi bilan qamrab olingan.

13 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektorda davlat rahbari 1 maydan boshlab talabalarga ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab berilishini ta’kidlagan edi. Buning uchun 100 mlrd so‘m ajratilishi aytilgandi.

Keyinroq talabalarga ijara to‘lovining 50 foizini davlat tomonidan qoplab berish tartibiga oid prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida — BHMning 1 baravaridan, boshqa hududlarda 0,5 baravaridan oshmasligi kerak.

24 sentabr kuni Hukumat ijarada yashayotgan talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismini davlat budjetidan qoplab berish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.