Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 oktabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Bu haqda Huquqiy axborot Telegram-kanali xabar berdi.

Kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, 2021 yil 10 oktabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda:

  • go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlar;
  • kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma va ularni O‘zbekistonga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.

21 oktabr kuni Senatning 20-yalpi majlisida mazkur qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullangan edi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Senatning budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevning fikricha, qonunning qabul qilinishi aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, narxlarni barqarorlashtirish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.