18 oktabr kuni Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtning 12 ta qadimiy darvozasini tiklash va uning joylashgan koordinatalarini tasdiqlash to‘g‘risida qarorni imzoladi. Ushbu qaror «E-qaror» portalida e’lon qilindi.

Toshkent shahar hokimligi qoshidagi «Raqamli rivojlanish departamenti» MCHJ tomonidan Toshkent shahrining 12 ta qadimiy darvozalarining koordinatalari aniqlangan. Bu uchun arxiv xaritalari zamonaviy xaritalarga bog‘langan.


«Gazeta.uz» ushbu qadimiy darvozalarning aniq joylashuvi va ularni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot haqida maqolani taqdim etgan edi.

Poytaxt hokimining qaroriga muvofiq, qadimiy darvozalarni tiklash va qurish bo‘yicha Toshkent shahar ishchi guruhi tuziladi. Guruh uch oy muddatda qadimiy darvozalarning namunaviy loyihalarini tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishib, ishlab chiqishi lozim.

Qadimiy darvozalarni qayta tiklash va qurish bo‘yicha buyurtmachi etib — Toshkent shahar hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi belgilangan. Bosh loyihachi va bosh pudrat tashkilotlari tender o‘tkazish yo‘li bilan aniqlanadi.

Qadimiy darvozalarni qayta tiklash uchun tasdiqlangan koordinatalarga muvofiq, yaqin bo‘lgan hududlardan yer maydonlari chegeralari aniqlanadi va davrozalar qurilishi uchun ajratiladi. Bunda obodonlashtirish va turizm infratuzilmalari yaratilishini inobatga olinishi kerak. Ishchi guruh hududlardagi bino va yer osti kommunikatsiyalarni ko‘chirish zaruriyati mavjudligini hisobga olishi lozim.

Yer maydonlarini tanlashda qadimiy darvozalarni turizm namoyishi obyektlariga kiritish va turistlarni jalb qilish uchun tegishli infrastrukturani joylashtirish inobatga olinishi kerak bo‘ladi.

Namunaviy loyihalarda tashrif buyuruvchilar uchun darvozalar ko‘rinishiga mos ravishda soyabonlar, o‘rindiqlar va chiqindi tashlash qutilarini o‘rnatishni nazarda tutish lozimligi aytiladi.

Ma’lumot o‘rnida, XVIII asrda Toshkentni bosqinchilar hujumidan himoya qilish maqsadida uning atrofi 8−20 metr balandlikdagi devor bilan o‘ralgan. Devorning 12 joyiga tongda ochilib, shomda yopiladigan darvozalar o‘rnatilgan.