20 oktabr kuni Senatning 20-yalpi majlisida Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev bola asrab olayotgan oilalarga bir qator imtiyozlar berish va soliqlardan ozod etishni taklif qildi.

«Bu muammolar bir kunda paydo bo‘lmagan. Uni yechimini topish va hal etishga ham ma’lum muddat vaqt ketadi. Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, Bolalar uylari, SOS bolalar mahallalari ham bolani ota-ona mehri bilan haqiqiy oila muhitida tarbiyalashdek to‘liq imkoniyatni bermaydi», — dedi u.

Shundan kelib chiqib, Milliy gvardiya rahbari o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.

«Birinchi navbatda bolani mehribonlik muassasalariga topshirishdan oldin mahalla faollari, xalq ta’limi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida bolani o‘z oilasida qoldirish yoki yaqin qarindoshiga vasiylikka berish choralarini ko‘rishlari shart», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, buning imkoni bo‘lmagan holdagina faqat vaqtincha 3 oygacha muddatga professional oilaviy bolalar uyiga topshirib, shu vaqt ichida, agarda bola yetim bo‘lmasa, uning otasi yoki onasiga yohud yaqin qarindoshlariga kerakli moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib, ularni oilaviy sharoitini yaxshilab, qaytarish lozim. «Bunday imkoniyat bo‘lmagan taqdirda, tegishli komissiyalar tomonidan yaxshilab o‘rganilgan oilalarga farzandlikka berish choralarini ko‘rish kerak bo‘ladi», — dedi u.

«Ikkinchi navbatda, bunday tizimni yaratish bilan birga unga parallel ravishda bolani yangi oilasini, undagi muhitni, bolaning ruhiy holatini har tomonlama qat’iy monitoring olib boradigan kompleks tizimni yaratishimiz kerak. Jamiyatda ijtimoiy yetimlikni oldini olish uchun bunday xavf guruhiga kiruvchi oilalarni oldindan aniqlab, ularga manzilli va maqsadli yordam ko‘rsatish lozim», — dedi Rustam Jo‘rayev.

U shuningdek, oila tomonidan asrab olingan bolalarga to‘lovlar va kvartiralar berilmayotganini aytdi.

«Bolalarni farzandlikka olgan oilalarga beriladigan to‘lovlar, imtiyozlar, kompensatsiyalar tizimini kengaytirib, ayrim soliqlarni ozod etish mexanizmlarini takomillashtirish kerak. Buning ichida bolaga beriladigan to‘lovlar, kvartiralar oila asrab olgach to‘xtatiladi», — dedi u.

U bola asrab olish muammolariga to‘xtalar ekan, oila bolani o‘zining farzandi deb qabul qila olmayotganini ta’kidladi.

«Lekin nimaga farzandlikka olish kam degan masalani o‘rganayotganimizda muammo — to‘lovlar, imtiyozlar, kvartiralar farzandlikka olinganidan keyin buning hammasi to‘xtatiladi. Bolaga pul ham berilmaydi, kelajakda hattoki kvartira berish ham yo‘q. Albatta, yangi ota-onada „bola voyaga yetganidan keyin meni mulkimga vasiylik qiladi“, degan fikr paydo bo‘ladi», — dedi Milliy gvardiya qo‘mondoni.

Uning fikricha, «farzandlikka olganga ham qandaydir pul to‘lovlari berilsa, bola asrab olish keskin ko‘payib ketadi».

«18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan bitiruvchilarni yashash joylari bo‘yicha mahallasidagi «temir daftar"lari ro‘yxatiga kiritish hamda ularga nisbatan ijtimoiy himoya dasturlarini mukammal qo‘llanilishini ta’minlash lozim bo‘ladi. O‘qishga kirishda ham ijtimoiy yetimlarga ham kvota berishni ko‘rib chiqishimiz kerak, chunki hozirgi vaqtda faqat chin yetimlar uchun kvota berilgan», — dedi Rustam Jo‘rayev.

Senat raisi Tanzila Narbayeva yuqoridagi takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ko‘proq SOS bolalar mahallalari tajribasidan foydalanish lozimligini ta’kidladi.

Senatning mazkur yalpi majlisida Rustam Jo‘rayev yillab navbatda turish fuqarolarni bola sotib olishga majbur qilayotgani haqida ham gapirgan edi.