20 oktabr kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari faoliyat to‘g‘risida axborot berdi.

Eslatib o‘tamiz, prezident 9 avgustdagi qarori bilan «Mehribonlik» uylari (16 ta, 1 541 nafar bola), Bolalar shaharchalari (4 ta, 236 nafar bola), oilaviy bolalar uylari (5 ta, 46 nafar bola) va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining Bolalar uylarini (13 ta, 506 nafar bola) Milliy gvardiyaga biriktirilgan edi.

Rustam Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, rivojlangan davlatlar amaliyotida internat tipdagi muassasalar faoliyati ancha yillar oldin butunlay tugatilgan.

«Davlat va mas’ul tashkilotlar tomonidan yetim bolalarni oilaviy bolalar uylariga (foster care, priyomnaya semya) joylashtirish hamda juda qisqa muddatlarda ularga yangi oila topish choralari ko‘riladi», — dedi u.

«Bu tizim bitiruvchilarning keyingi shaxsiy, oilaviy hayotida va mehnat faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli muammolar borasida tutungan ota-onalardan yaqindan yordam so‘rash, maslahatlar olish bilan birga, o‘rtalaridagi oilaviy munosabatlarni umrini oxirigacha saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, oiladagi an’ananalar va urf-odatlarning davom etishiga zamin yaratiladi», — dedi Milliy gvardiya qo‘mondoni.

Ta’kidlanishicha, o‘rganishlar davrida bolani farzandlikka olish istagida bo‘lgan ota-onalar juda ko‘pligi aniqlangan.

«Jumladan, respublikada faoliyat yuritayotgan 13 ta Bolalar uylarida jami 504 nafar bola tarbiyalanayotgan bo‘lsa, ularni farzandlikka olish uchun hozirgi kunda navbatda 5792 nafar fuqaro turganligini ko‘rishimiz mumkin», — dedi u.

U shuningdek, bola asrab olishdagi muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Fuqarolarni yillar davomida farzandlikka oluvchilar ro‘yxatida navbatda turishlar, ular tomonidan qonuniy hujjatlar rasmiylashtirish jarayonini chetlab o‘tib, noqonuniy yo‘llar bilan bola sotib olish darajasiga olib bormoqda», — dedi Rustam Jo‘rayev.

Ta’kidlanishicha, 2017−2021 yillar mobaynida bola savdosi bo‘yicha 206 ta jinoiy holatlar aniqlangan.

Qo‘mondonning so‘zlariga ko‘ra, Zo‘rTV telekanalida hamkorlikdagi «Farzandim jigarbandim» ko‘rsatuvi efirga uzatilgach, fuqarolarning murojaatlari keskin oshgan.

«Milliy gvardiya markaziy devonida call center tashkil etishga majbur bo‘ldik. Hozirda bolani farzandlikka olish masalasida kuniga o‘rtacha 53 tadan ortiq murojaatlar bo‘lmoqda. 20 kun ichida jami 1057 nafar fuqaro murojaat qildi. Ularga maslahatlar berib, to‘g‘ri-to‘g‘ri muassasalar bilan bog‘layapmiz va nazoratga olayapmiz», — dedi u.

Hozirgi kunda mehribonlik.uz sayti yaratilgani va yaqin kunlarda test rejimida ish boshlashi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Senatning 19-yalpi majlisida Oila kodeksi va «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, farzandlikka olish tartiblari soddalashtirilgan edi. Jumladan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etib, jazo muddatini o‘taganlarga farzandlikka olish imkoniyati yaratilgandi.