O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda koronavirus pandemiyasi haqida gapirib, Afg‘onistondagi vaziyatga yana bir bor to‘xtaldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “hech qachon dunyo iqtisodiyoti bunday jiddiy sinovga duch kelmagan”. “Kasallik tufayli eng kuchli davlatlar ham qiyin vaziyatga tushib qoldi. Biz shunday vaziyatda ham iqtisodiyotimizni saqlab turishga va hatto o‘sishga erishdik”, — deydi prezident.

“Albatta, pandemiya talablaridan hammamiz charchadik. Pandemiya davrida ko‘p davlatlar „egoist“ bo‘lib ketdi. Buni ham tushunish mumkin, vaziyat og‘ir. Men ham birinchi navbatda o‘zimizning mamlakat tinchligi, xalqim farovonligini o‘ylashim kerak”, — deya qo‘shimcha qiladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Qo‘shnilarimiz bilan munosabatlarni kuzatib turibsiz. 5 yillik qisqa muddatda katta yutuqlarga erishganimiz bor gap. Afg‘on muammosi bizni jiddiy o‘ylantiradi. Eng katta muammo — Afg‘oniston shu qishni eson-omon, ocharchilikka duch kelmay, urushlarsiz o‘tkazib olishi. O‘ylaymanki, hukumat tepasiga kelgan yangi kuchlar ham o‘z xalqini o‘ylaydi”, — deydi u.

sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev SHHT davlatlarini Afg‘onistondagi yangi hokimiyat bilan dialog qilishga chaqirgan edi. “[Afg‘onistonda] hokimiyat tepasiga yangi kuchlar keldi. Bu yuz bergan fakt”, — degan edi O‘zbekiston prezidenti SHHT sammitida. U Afg‘onistonda gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida chet el banklaridagi afg‘on aktivlarini muzlatishni to‘xtatishni taklif etgandi.