Turkiyalik ekani taxmin qilinayotgan xaker Donald Trampning saytini buzib kirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda RootAyyildiz nomi ostidagi xaker AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp veb-saytining bo‘limlaridan birini buzib kirgan. Buzilgan sayt bo‘limida xaker tomonidan Quron suralaridan birining matni qoldirilgan, deya xabar bermoqda VICE nashri. Xabarga ko‘ra, xakerning turkiyalik ekani taxmin qilinmoqda.

Shuningdek, xaker Youtube sahifasida Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning millatchilik ruhidagi videosini ham e’lon qilgan. Ushbu xaker Tramp saytining bo‘limini uch oy nazorat qilgan.

«Xakerlik qilish mumkin bo‘lgan juda ko‘p sohalar mavjud. Masalan, ijtimoiy tarmoqlardagi yoki veb-saytlardagi akkauntlarni buzish mumkin. Men aktivist xakerman. Men veb-saytlar ustida anchadan beri ishlayman. Meni yaxshiroq eshitishlari uchun men shu yo‘lni tanladim», — deya qo‘shimcha qilgan xaker.

Hozircha Tramp vakillari bu bo‘yicha hech qanday izoh bermagan.


Yaponiya bosh vaziri mamlakat sohiliga KXDR tomonidan ballistik raketalar otilganini tasdiqladi

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida KXDR ikkita ballistik raketa uchirganini ta’kidladi. Hukumat rahbari baliqchilar kemalariga zarar yetkazilgani haqida ma’lumot bor yoki yo‘qligi haqidagi jurnalistlarning savoliga, hozircha bunday ma’lumot yo‘qligini aytdi.

Kisida Yaponiya hozirda raketalarning uchirilishi bo‘yicha ma’lumotlar tahlil qilinayotganini ham aytib o‘tdi. U raketalarning turi va zarba maydoni haqida batafsil ma’lumot bermadi. Ushbu raketalar uchirilishi munosabati bilan Yaponiya bosh vaziri idorasida inqiroz shtabi tashkil qilindi. Shu bilan birga, Janubiy Koreya Qurolli kuchlari bundan oldin KXDR tomonidan Yapon dengizi tomon bitta ballistik raketa uchirilgani haqida xabar bergan. Unga ko‘ra, raketa Xamgyon-Namdo provinsiyasidagi Sinpxo shahri yaqiniga tushgan — TASS.


Vetnamda maktab o‘quvchisi dars paytida mobil telefon portlashidan vafot etdi

Vetnamda Ngean provinsiyasidagi maktabning beshinchi sinf o‘quvchisi pandemiya tufayli masofadan ta’lim olar ekan, telefonini quvvatlagichga ulagan holda darsga qo‘shilgan va to‘satdan telefon portlab, bolaning kiyimlari yonib ketgan. Qo‘shnilar jabrlanuvchiga yordamga kelishgan va uni tezda kasalxonaga olib ketishga harakat qilishgan. Biroq bola shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan. Bu haqda Daily Star nashri xabar berdi.

Vetnam OAVlarining yozishicha, bolaning oilasi politsiyadan ushbu fojea sabablarini tekshirmaslikni so‘ragan. Mobil qurilmaning modeli haqida ma’lumot yo‘q.


Gruziya bosh vaziri sobiq prezident Saakashvili tarafdorlarining inqilobiy ssenariylari va provokatsiyalariga yo‘l qo‘yilmasligini aytdi

30 oktabr kuni Gruziyada munitsipal saylovlarning ikkkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Mixail Saakashvilining Birlashgan milliy harakat partiyasi a’zolari shu kuni hibsda saqlanayotgan siyosatchini ozod qilishni talab qilib, keng ko‘lamli miting o‘tkazmoqchi, deya xabar bermoqda RIA Novosti.

«Odatda, biz nafrat so‘zlari haqida gapirganimizda, birinchi navbatda «Birlashgan milliy harakat»ni eslaymiz. Bu odamlar to‘qqiz yil davomida mamlakatni nafrat, qiynoq bilan boshqargan, aholi bilan bo‘lgan barcha dahshatli voqealar o‘sha paytda sodir bo‘lgan. Men faqatgina bir narsani aytmoqchiman. Mamlakatda inqiloblar va urushlar davri tugadi. Biz endi provokatsiyaga yo‘l qo‘ymaymiz», — deya ta’kidlagan Gruziya bosh vaziri matbuot anjumanida.

Mixail Saakashvili 1 oktabrda Tbilisiga qaytishi bilanoq hibsga olingan edi. Unga nisbatan bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. U 2004 yildan 2013 yilgacha Gruziya prezidenti bo‘lgan va o‘z vakolat muddati tugashidan biroz oldin mamlakatni tark etgan. Shundan so‘ng, unga nisbatan to‘rtta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, ulardan ikkitasiga sud hukmi chiqarilgan. 2018 yilda bankir Sandro Girgvlianining o‘ldirilishi va deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi bo‘yicha Saakashvili sirtdan sud qilindi. Birinchisida u uch yilga, ikkinchisida olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan.


Xalqaro banklar UEFAning pandemiyadan keyingi 7 mlrd yevrolik moliyaviy dasturida ishtirok etish uchun raqobatlashmoqda

AQShning Goldman Sachs, Avstraliyaning Macquire va Apollo xususiy investitsiya kompaniyalari UEFAning pandemiyadan keyingi 7 mlrd yevrolik moliyaviy dasturida ishtirok etish uchun raqobatlashmoqda. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi. Xabarda aytilishicha, tenderda qatnashgan yana bir bank — Italiyaning UniCredit banki tenderning birinchi turidan so‘ng qisqa ro‘yxatga kira olmagan. AQShning Citi banki ham UEFA bilan muzokaralar olib borgan, lekin birinchi bosqichga ariza topshirgani aniq emas.

Ushbu yordam dasturi orqali UEFA Chempionlar Ligasida ishtirok etuvchi Yevropa klublarini dastlabki bosqichda 2 mlrd yevro miqdorida moliyalashtirish jamg‘armasini yaratish ko‘zda tutilgan. Keyinchalik esa ushbu jamg‘arma miqdori 7 mlrd yevrogacha o‘sishi kutilmoqda. Tashkilot ushbu jamg‘armadan iloji boricha ko‘proq Yevropa klublariga kredit stavkasi 2% bo‘lgan imtiyozli kreditlar berish uchun foydalanmoqchi. Biroq UEFA tashkil etilayotgan jamg‘armaga qanday mexanizm yordamida mablag‘ jalb qilishni rejalashtirgani hozircha aniq emas. Ma’lum bo‘lishicha, UEFA musobaqani translyatsiya qilish huquqini sotish orqali jamg‘arma mablag‘larining bir qismini ta’minlashni rejalashtirmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu dastur sport ligalari va assotsiatsiyalari faoliyatini moliyalashtirish masalasida moliyaviy institutlarga o‘tish tendensiyasidan dalolat beradi. Bu tendensiya COVID-19 pandemiyasi davrida tezlashdi. UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin, Yevropa futboli ko‘p yillik iqtisodiy o‘sish pandemiya sababli to‘xtab qolganidan so‘ng endilikda «yangi moliyaviy haqiqatga» duch kelishi mumkinligini aytib o‘tdi.


Chexiya prezidenti sog‘lig‘i tufayli o‘z vazifasini bajara olmayotgani sababli uning vakolatlari olib qo‘yilishi mumkin

Chexiya parlamentining Senati (yuqori palatasi) 5 noyabr kuni yig‘ilish o‘tkazadi. Unda Milosh Zemandan prezidentlik vakolatlarini olib qo‘yish bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilishi mumkin.

Senat rahbariga ko‘ra, senatorlar Chexiya konstitutsiyasining 66-moddasini amalga oshirish-oshirmaslikni ko‘rib chiqadi. Unga ko‘ra prezidentning vafoti yoki kasalligi munosabati bilan uning vakolatlarining bir qismi vaqtinchalik senat rahbariga, yana bir qismi esa vakillar palatasi spikeriga o‘tadi. «Boshqa variant, afsuski, yo‘q — biz konstitutsiyaning 66-moddasini qachon va qay tarzda kuchga kiritishni muhokama qilishimizga to‘g‘ri keladi», — dedi Milosh Vistrchil.

77 yoshli Zeman 10 oktabr kuni Pragadagi markaziy harbiy kasalxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Prezident ma’muriyati uning sog‘lig‘i haqida batafsil ma’lumot berishdan tiyilmoqda va davlat tashabbusi taqiqlanganiga ishora qilib, uning tashxisi haqida jamoatchilikka xabar bermagan. Praga qal’asining bu pozitsiyasi jiddiy tanqidlarga sabab bo‘ldi. Respublika bosh vaziri Andrey Babish prezident ma’muriyati rahbari Vratislav Minarjni iste’foga chiqishga chaqirdi — TASS.