AQShning sobiq davlat kotibi Kolin Pauell 84 yoshida COVID-19 asoratlari tufayli vafot etdi, deb xabar bermoqda CNN.

Kolin Pauell 1960-yillarda Vetnam urushida qatnashgan. 1987 yildan 1989 yilgacha u AQSh prezidenti Ronald Reygan ma’muriyatida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan, 1989−1993 yillarda esa shtab boshliqlari qo‘shma qo‘mitasi raisi bo‘lib, bu lavozimda eng yosh odam va birinchi afroamerikalik bo‘lgan.

2001 yilda Kolin Pauell AQShning 43-prezidenti Jorj Bush ma’muriyatida davlat kotibi lavozimini egallagan birinchi afroamerikalik bo‘ldi. 2003 yilda u BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilib, AQShning Iroqqa bostirib kirishini oqladi. 2004 yilda Pauell davlat departamenti rahbari lavozimini tark etdi.