Parkent tumani tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslari 1 mlrd 511 mln 123 ming so‘m pul mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishgani ma’lum qilindi.

Bu Parkent tuman prokuraturasi tomonidan budjet va budjetdan tashqari mablag‘larni sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvda aniqlandi.

Shuningdek, tekshirish yakunlari bo‘yicha tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslari 2019−2020 moliya yilida budjet va smeta-shtat intizomini 1 mlrd 193 mln 205 ming so‘m miqdorda buzgani ham aytilmoqda.

«Mazkur holatlar 36 nafar tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari va ishga aloqador guvohlarning ko‘rsatmalarida bayon etilgan. Bundan tashqari, sohtalashtirib, noto‘g‘ri ma’lumotlar kiritilgan tabellar, shtat-smeta hujjatlari va boshqa dalillar ish hujjatlariga qo‘shilgan», — deyiladi Toshkent viloyati prokuraturasi xabarida.

Parkent tuman prokuraturasi tomonidan tibbiyot birlashmasi boshlig‘i va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 184−1-moddasi 2-qismi (budjet va smeta-shtat intizomini buzish) va 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayblanuvchilarga nisbatan protsessual tartibda «qamoq», «uy qamog‘i» va «garov» ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari yakuni bo‘yicha jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun JIB Parkent tuman sudiga yuborilgan.