O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etiladi. Shavkat Mirziyoyev tegishli qarorni imzoladi, deya xabar qildi «Nigoh» Telegram-kanali.

Hujjatga ko‘ra:

  • Institutda ta’lim faoliyati 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanib, ta’lim davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
  • 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, bakalavriatda 2 ta yangi ta’lim yo‘nalishi (bastakorlik san’ati, san’atshunoslik: musiqashunoslik) va magistraturada 2 ta yangi mutaxassislik (ovoz rejissyorligi: musiqiy ovoz rejissyorligi, musiqa san’ati) ochiladi.

Institutning asosiy vazifalari belgilanmoqda, jumladan:

  • yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;
  • milliy estrada yo‘nalishida zamonaviy ijro namunalarining «Oltin fondi»ni yaratish hamda ularni notaga ko‘chirish va amaliyotga keng joriy etish;
  • milliy estrada yo‘nalishi bo‘yicha fundamental, amaliy va ijodiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab bolalar musiqa va san’at maktablari (324 ta), ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari (17 ta), maktab-internatlar (8 ta) hamda madaniyat, musiqa va san’at kollejlariga (2 ta) Institutning yetakchi professor-o‘qituvchilari hamda mamlakatda ijod qilib kelayotgan taniqli estrada ijodkorlari biriktiriladi hamda «Mahorat darslari» yo‘lga qo‘yiladi.

2020 yil dekabrida prezident Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Hujjatda Toshkentda uning nomidagi milliy estrada oliy maktabi, memorial majmuasi va xonanda xotirasiga bag‘ishlangan muzey ochilishi rejalashtirilgan.

Avgust oxirida Shavkat Mirziyoyev marhum xonanda va aktyor Botir Zokirov vafotidan so‘ng «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotladi.